Qarorga koʻra, “Online-mahalla” platformasining “Aholi tomorqasi” moduliga tomorqa yer egalari tomonidan yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, xonadonda mavjud issiqxonalar hamda tomorqadan samarali foydalanish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har 6 oyda (aprel, oktyabr oylarida) kiritiladi.
Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining resurslari hisobidan ajratiladigan kreditlar yillik Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada (shundan 4 foizi bank marjasi) quyidagicha beriladi:
— chorvachilik (qoramol, qoʻy, echki), baliqchilik, quyonchilik, asalarichilik, kurkachilik va parrandachilik, biogumus ishlab chiqarish va “dala doʻkonlari”ni qurish uchun – 1-yilgacha imtiyozli davr bilan 3-yil muddatga;
— bogʻdorchilik (koʻchatchilik), uzumchilik (tok soʻrisi) va limonchilikni tashkil etish, issiqxona qurish, qishloq xoʻjaligi texnikasi va asbob-uskunalarini xarid qilish hamda ularni joylashtirish uchun bino va inshootlar qurish, koʻchma muzlatkichlarni oʻrnatish, artezian quduqlarini qazish uchun – 3-yilgacha imtiyozli davr bilan 7-yilgacha muddatga.
Shuningdek, 2027-yil 1-yanvargacha motokultivatorlar (TIF TN kodi – 8432 29 100 0), bir oʻqli traktorlar (TIF TN kodi – 8701 10000 0) va minitraktorlarni (TIF TN kodi — 8701 91 100 0 — 8701 94 100) olib kirishda bojxona bojining nol stavkalari belgilanadi.