Joriy yilning 5-fevral kuni davlatimiz rahbari boshchiligida ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga o‘tkazildi. Inspektor-psixologlarning asosiy vazifasi, o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berishda maktab jamoalariga yaqindan ko‘maklashish, muntazam dars qoldiruvchi o‘quvchilarning ota-onalari bilan ishlashdan iborat. Xususan, endilikda maktab direktorlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar, chaqiriqqa qadar yoshlarni tayyorlash bo‘yicha o‘rinbosarlari, psixologlar va sinf rahbarlarining o‘quvchilar ma’naviyatini yuksalatirish va darslardagi ishtiroki, ta’lim-tarbiya ishlarini hamohang tashkil etishga doir mas’ulyati yanada oshiriladi.
Bu yo‘nalishdagi ishlarni ota-onalar va mahalla faollari hamkorligida uzviy tashkil etish belgilandi. Shu maqsadda o‘quvchilarning darsda ishtirok etishiga oid ma’lumotlar o‘quvchilar va sinf rahbarlari tomonidan e.maktab elektron kundaligiga o‘z vaqtida kiritib boriladi. Shuningdek, maktablardagi mas’ullar tomonidan “ogohlantirish xati”ni o‘quvchilarning yashash manziliga tezkor ravishda yetkazish amalyoti joriy etilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad darsda ishtirok etmayotgan o‘quvchilarning oila a’zolari mas’ulyati va javobgarligini oshirishdan iborat. Bu esa yoshlarning kelajagi uchun juda muhim bo‘lib, ularning to‘g‘ri yo‘naltirilishi, barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishida muhim rol o‘ynaydi.
Milliy gvardiya hamda maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan maktablarda davomat muammosi bilan shug‘ullanuvchi maxsus ishchi guruh tuzildi. Bu haqdagi xabarlardan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda Milliy gvardiya xodimlarining maktablarga borgani, ota-onalarga ogohlantirish xatlari jo‘natilayotgani, sinflarda telefondan foydalanish taqiqlanayotganiga oid foto va vedeomateriallar paydo bo‘ldi va keng jamoatchilik bunga o‘z munosabatini bildira boshladi.
Sattor Raxmatov – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) Kotibiyatining yetakchi mutaxassisi
– Bolalar mamlakatimizda umumiy aholi sonining salkam 40 foizini tashkil qiladi. Bu juda katta raqam va ularning ta’lim-tarbiyasiga jiddiy e’tibor berilyapti, shuningdek, keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayapti. Konstitutsiyamiz 41-moddasida har kim bilim olish huquqiga egaligi, bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanishi, maktab ishlari davlat nazoratidaligi belgilangan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunlarida davlat bolalarning umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’limni va boshlang‘ich professional ta’limni bepul olish huquqini kafolatlaydi. Bizda 10 mingdan ortiq maktablar bor, bundan tashqari maktabgacha ta’lim tashkiloti, ixtisoslashtirilgan maktablarimiz bor. O‘rganishlar shuni ko‘rsatadiki, maktablarda davomat juda yomon ahvolda. Maktabga borish kerak bo‘lgan bolalarning 30 foizi maktabga umuman bormayotgani aniqlandi. Endi shu jihatdan olib qaraydigan bo‘lsak, bolalarning qonuniy vakili, ota-onasida javobgarlik ma’sulyati bor. So‘nggi o‘rganishlar ma’muriy javobgarlikni qo‘llash ko‘payganini ko‘rsatmoqda, lekin ota-onalar o‘z mas’uliyatini chuqur anglamayotgan ko‘rinadi. Bolalarning xorijga qonuniy vakilsiz tashlab kelinishi yoki kunlik ehtiyojlar uchun pul topish maqsadida bozorga chiqishi, eng achinarlisi, tilanchilik qilish uchun ko‘chaga chiqishi bilan bog‘liq holatlar ham kuzatilmoqda. Qonuniy vakillari ham uning manfaatlarini buzayotganligi sabab ularning o‘z yoshiga mos ravishda ta’lim-tarbiya ololmayotganini ko‘rishimiz mumkin. Milliy gvardiyaning bu tizimga jalb qilinishi ma’qul ish bo‘ldi. Jamoat xavfsizligini ta’minlashning kuchaytirilishi yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda yordam beradi. Milliy gvardiyaning ta’lim sohasiga aralishishi keng jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilinmoqda. Bilasizmi, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi qonunida Milliy gvardiyaning asosiy vazifalariga fuqarolar gavjum bo‘ladigan joylarda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish, shu jumladan mazkur huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish vazifasi kiradi. Jumladan, “Xavfsiz maktab”larni yaratish, o‘quvchi-yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning ilg‘or yutuqlari va axborot texnologiyalari asosida tashkil etish vazifalari ham ustuvor hisoblanadi.
Habib Temirov — O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o‘qituvchisi
– Ko‘pchilik tomonidan tanqid qilinayotgan ushbu o‘zgarishlar bitta ijobiy tamoyilni ko‘rsatadi, ya’ni O‘zbekiston aholisi mamlakatimizda ro‘y berayotgan voqea-xodisalar to‘g‘risida axborotlarni yetarlicha olayapti. Axborotning tarqatilish sifati oshayapti, media sohasi yanada rivojlanyapti. Shuningdek, ular o‘z munosabatini bildirayapti. Men bundan judayam xursand bo‘ldim. Nevaralarim maktabga o‘z vaqtida borib, yaxshi bilim olishi tarafdoriman. Chunki o‘zim nazorat qilolmasam, farzandlarim ishda bo‘ladi, bolalari tarbiyasiga unchalik e’tibor qarata olmaydi. Nevaralarim ham bo‘sh qoldi deguncha telefonga yopishadi. Davlatimiz rahbari ishonch bilan Milliy gvardiyani jalb etgan bo‘lsa, ular o‘z vazifasini qonunni buzmagan holda amalga oshirsa, men buni inson sifatida ma’qullayman.
Xayrulla Qutliyev — o‘qituvchi
— Bilasizmi, ota-onalar bilan yig‘ilish qilgandik. Milliy gvardiya xodimlari kelib, bolalarga duq urib gapirdi. Biz ota-onalar farzandlarimizga duq urib gapirmaysiz, deb ulardan chiqib ketishni so‘radik. Bolalar ularni ko‘rganda amakasi yoki unga yordam beradigan insonni ko‘rganday bo‘lishi kerak. Maktablardagi inspektor-psixologlar bolajon odamlar bo‘lishi kerak. Menimcha, ularni bolalar bilan qanday muomala qilish borasida o‘qitish lozim.
Shohrux Qosimov –
O‘zbekistonda maktablarda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va ularning Milliy gvardiyaga topshirilishi haqida ma’lumotlarga ko‘ra, bu qadam jamoat xavfsizligini yanada mustahkamlash va ta’lim muassasalarida tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga qaratilgan. Bu kabi chora-tadbirlar, aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlash hamda jamiyatda qonunga itoatkorlik va jamoat xavfsizligi madaniyatini shakllantirishga qaratilgan strategiyalar doirasida amalga oshirilmoqda. Men otasi sifatida bu o`zgarishlardan judayam mamnunman. Shu bilan birga, ota sifatida bizning ham maktablarda xavfsizlikni ta’minlashga hissa qo‘shishimiz, farzandlarimizga to‘g‘ri tarbiya berishimiz va ularni jamiyatda qonunga itoatkor bo‘lishga o‘rgatishimiz lozim.
Demak, bugungi holat ota-onalar, inspektor-psixologlar, mahalla faollari va maktab jamoasidan masalaga katta mas’uliyat bilan yondashishni talab qiladi. Shundagina bu yo‘nalishdagi ishlar kutilgan natijani beradi.
Xursandova Gulchehra
O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi