“Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori (PQ-88-son, 27.02.2024 y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2024-yil 1-maygacha davlat tomonidan kafolatlangan tarzda taʼminlanadigan protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari turlari 18 tadan 30 taga kengaytiriladi.
2024-yil 1-maydan:
— protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari xaridi uchun davlat tomonidan muhtoj shaxslarga qoplab beriladigan mablagʻlar miqdorini bozor konyunkturasidan kelib chiqib oʻrtacha 3 baravargacha, ayrim vositalarning turlari esa 10 baravargacha oshiriladi;
— nogironligi boʻlgan shaxslarning protez moslamalari va reabilitatsiya vositalariga muhtojligi alohida tibbiy xulosa rasmiylashtirmasdan nogironlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma asosida belgilanadi;
— nogironlik guruhiga ega boʻlmagan pensiya yoshidagi shaxslarning protez moslamalari va reabilitatsiya vositalariga muhtojligi toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimida rasmiylashtiriladi.
2024-yil 1-maygacha Toshkent shahri va Samarqand viloyatida, 2024-yil 1-oktyabrgacha respublikaning boshqa barcha hududlarida muhtoj shaxslarni protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan vaucher asosida taʼminlash tartibi joriy etiladi.