Nyu-York shahridagi BMT bosh qarorgohida Tashkilot Bosh Assambleyasi tomonidan “2027-yil — Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili” rezolyutsiyasi bir ovozdan maʼqullandi.
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ilgari surilgan ushbu rezolyutsiyaga 80 dan ortiq aʼzo mamlakat hammualliflik qildi.
Hujjat matnini muvofiqlashtirish boʻyicha maslahatlashuvlarda Rossiya, Xitoy Xalq Respublikasi, AQSH, Turkiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Misr, Braziliya, Argentina kabi yetakchi davlatlarning ekspertlari faol ishtirok etdi va rezolyutsiya mazmunini boyitishga muhim hissa qoʻshdi. BMTga aʼzo davlatlar vakillari ushbu rezolyutsiyaning taqdim etilishi oʻz vaqtida va dolzarb ekanini qayd etdilar.
Hujjatning bosh maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil oktyabrida Samarqandda boʻlib oʻtgan BMTning Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida turizm sohasining yangi muammolar va zamonaviy xatarlar oldida barqarorligi va moslashuvchanligi borasida bildirilgan fikrlariga asoslangan.
Davlatimiz rahbari tomonidan turizmning turli sivilizatsiyalar boy madaniy merosini asrashda, tinchlik va bagʻrikenglikni mustahkamlashda, xalqlarning qadriyatlarini hurmat qilishda muhim oʻrin tutishi toʻgʻrisida bayon etilgan tamoyillar ushbu rezolyutsiyada mustahkamlangan.
Hujjatda ekologiya, bioxilma-xillikni asrash va atmosferaning ifloslanishini kamaytirish yoʻlida “yashil” turizmni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Rezolyutsiya 2027-yilni Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili deb eʼlon qilishni qaror qiladi hamda BMTning Jahon sayyohlik tashkilotini hukumatlar, BMT tizimidagi tuzilmalar, mintaqaviy tashkilotlar bilan birgalikda yilni muvaffaqiyatli oʻtkazish uchun kompleks choralar koʻrishga chaqiradi.
Rezolyutsiyada barqaror turizmni, jumladan, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, iqtisodiy oʻsish, toʻliq bandlikni taʼminlash, qishloq hududlarini rivojlantirish va qishloq aholisining yashash sharoitlarini yaxshilashga xizmat qiluvchi ekoturizmni rivojlantirish muhimligi taʼkidlanadi.
Rezolyutsiya barcha manfaatdor tomonlarga barqaror va yashovchan turizmni kambagʻallikni bartaraf etish, ayollar, yoshlar, keksalar va nogironlarning ishtirokini ragʻbatlantirish, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish hamda munosib ish joylari va daromad manbalarini yaratishning muhim vositasi sifatida faol ilgari surishni tavsiya etadi.
Hujjat bilan BMTning Jahon sayyohlik tashkilotiga ushbu rezolyutsiyaning amalga oshirilishi yuzasidan BMT Bosh Assambleyasining 83-sessiyasida (2028-y.) axborot berish, bunda Xalqaro yil qay darajada oʻtkazilganini baholashga alohida eʼtibor berish topshirildi.
Ekspertlarning fikricha, Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan rezolyutsiya turizm sanoatining global darajada yangi bosqichga koʻtarilishini boshlab beradi.