Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi «2022 — 2030-yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”da “Navoiyuran” DKni transformatsiya qilish hamda xalqaro talablar asosida “Environment, Social & Governance” (ESG) tamoyillarini joriy etish vazifasi belgilangan.
Shu maqsadda ESG diagnostikasini oʻtkazish, barqaror rivojlanish hisobotlarni tayyorlash va ESG reytingini olish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish maqsadida “Big four” xalqaro audit korporatsiyalar oʻrtasida tanlov oʻtkazilib, “PricewaterhouseCoopers” kompaniyasi gʻolib deb topildi hamda shartnoma imzolandi.
— Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, 1849-yilda Londonda tashkil etilgan va bosh qarorgohi Londonda joylashgan “PricewaterhouseCoopers” kompaniyasi butun dunyo boʻylab kompaniyalar tarmogʻiga egalik qiluvchi xalqaro audit va konsalting korporatsiyasidir, — deydi “Navoiyuran” ESG tamoyillarini joriy etish va rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish boʻlimi mutaxassisi Muhriddin Hamroyev. — Korporatsiya audit, buxgalteriya hisobi, xalqaro soliqqa tortish, transfer narxlari, moliyaviy konsalting, yuridik xizmatlar va risklarni boshqarish sohasida ishlaydi.
Kompaniya mutaxassislari tomonidan Barqaror rivojlanish hisobotini tayyorlash uchun 26 ta boʻlinmalar ajratib olinib, mazkur boʻlimlar masʼul xodimlari bilan videoaloqa orqali suhbatlar tashkil etildi.
Ayni kunlarda, ESG diagnostikasini oʻtkazishni yakunlash, barqaror rivojlanish hisobotlarini tayyorlash maqsadida “PricewaterhouseCoopers” kompaniyasi vakillari “Navoiyuran”da boʻlib, korxonaning 30 dan ortiq boʻlim va boʻlinma rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazildi. Ularda ESG taʼrifi va uning mohiyati, ushbu yoʻnalishda jahonda boʻlayotgan oʻzgarishlar, barqaror rivojlanish hisobotlarni tayyorlashda va ESG reytinglarini olishda urgʻu berilishi lozim boʻlgan asosiy jihatlar toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi.