Toshkent viloyati Chinoz tumanida 7-sinf o‘quvchisining boshini bir necha bor devorga urib, jarohatlagan o‘qituvchiga jinoyat ishi ochildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova xabar berdi.
Qayd qilinishicha, 15 fevral kuni Bolalar ombudsmaniga ijtimoiy tarmoq orqali maktab o‘quvchisi o‘z o‘qituvchisi tomonidan kaltaklanib, shifoxonada yotgani aks etgan video kelib tushgan.
Holat o‘rganilganda, 11 fevral kuni Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi 1-maktab o‘qituvchisi A.S. 7-sinf o‘quvchisi, 2010 yilda tug‘ilgan M.S.ning boshini devorga bir necha bor qattiq urib, unga jarohat yetkazgani aniqlangan. Oqibatda bola bosh qismi sohasidagi jarohatlar bilan shifoxonaga joylashtirilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Chinoz tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismiga (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov olib borilayotgani aytilmoqda.