Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida tovlamachilik bilan shug‘ullanib kelayotgan oila qo‘lga tushdi. Bu haqda «Millar» dasturida xabar berildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2004 yilda tug‘ilgan qiz Namangan viloyatidan Qo‘qon shahriga ishlagani borgan erkak bilan ishqiy munosabat o‘rnatib, u bilan ijaraga uy olib, birga yashay boshlagan.
Qizi noma’lum erkak bilan yashirincha yashab yurganidan xabar topgan ota farzandi bilan aynan shu erkakdan pul undirish rejasini tuzadi va oshiq yigitga qo‘ng‘iroq qilib, uni sharmanda qiluvchi ma’lumotlarni sir saqlash evaziga 500 AQSH dollari miqdorida pul talab qilgan. Jabrlanuvchi esa Qo‘qon shahar IIBga murojaat etadi.
Shundan so‘ng, «uddaburon» ota va qiz qarmoqqa tushgan erkakdan bo‘nak sifatida 3 mln 600 ming so‘m miqdoridagi pulni olgan paytida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Holat bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Tergov harakatlaridan so‘ng, qizning otasi 3 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Uning qiziga esa ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.