Gʻazo sektorida 17 ming nafarga yaqin bola ota-onasi va oilasidan ajralib qolgan. Anklavning barcha bolalari, yaʼni million nafardan ortiq psixologik yordamga muhtoj.
Bu maʼlumotni BMT Bolalar jamgʻarmasining (UNICEF) Falastindagi aloqa boʻlimi rahbari Jonatan Krikks Jenevada boʻlib oʻtgan brifingda aytib oʻtdi.
“Hozirda biz Gʻazo sektoridagi 17 ming nafar bola ota-onasi va oilasidan ajralganini taxmin qilyapmiz. Ularning hammasi dahshatli tarixi бор… Oʻtgan yilning dekabr oyida biz anklavdagi 500 ming nafar bola psixologik yordamga muhtojligini aytgandik. Hozir anklavdagi barcha bolalar psixologik yordam kerak, ular bir milliondan koʻproq”, deydi Krikks.
Oʻtgan yilning dekabr oyida BMT Bolalar jamgʻarmasi (UNICEF) rahbari Ketrin Rassel Gʻazo sektori yana bolalar uchun dunyodagi eng xavfli joyga aylanganini aytdi. Gʻazo sektoridagi bolalarning 80 foizdan ortigʻi oziq-ovqat bilan taʼminlanmagan.
Gʻazo sektoridagi vaziyat 2023-yilning 7-oktyabr kuni keskinlashdi. Bunga Falastinning HAMAS harakatining harbiy qanoti tomonidan eʼlon qilingan “Al-Aqso toʻfoni” operatsiyasi doirasida Isroil hududiga yuzlab raketalar uchirilgani sabab boʻldi. Shundan soʻng tashkilot jangchilari Isroil janubidagi chegara hududlariga kirib, u yerda ham harbiy, ham tinch aholiga qarata oʻt ochgan, shuningdek, 200 dan ortiq odamni garovga olgan.
Isroil rasmiylarining soʻnggi maʼlumotlariga koʻra, ushbu hujum oqibatida taxminan 1,2 ming kishi halok boʻlgan, bu raqam tinch aholi, askarlar, chet el fuqarolarini oʻz ichiga oladi. Shuningdek, 5 mingdan ortiq kishi jarohat olgan.
Bunga javoban Isroil mudofaa kuchlari Gʻazo sektorida HAMASga qarshi “Temir qilichlar” operatsiyasini boshladi. Bir necha kun ichida isroillik harbiylar Gʻazo bilan chegara yaqinidagi barcha aholi punktlarini nazorat ostiga oldi va chiziqdagi nishonlarga, jumladan, tinch aholiga havo hujumlarini boshladi. Shuningdek, Isroil Gʻazo sektorini toʻliq blokadaga olganini eʼlon qildi: suv, oziq-ovqat, elektr energiyasi, dori-darmon va yoqilgʻi yetkazib berish toʻxtatildi.
Oʻtgan yilning oktyabr oyining oxirida Isroilning anklavdagi operatsiyasining quruqlik bosqichi boshlandi.
Falastin anklavining Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 2023-yilning 7-oktyabridan beri Isroilning hujumlari oqibatida Gʻazoda 27 ming kishidan ortiq odam halok boʻlgan, 66 mingdan koʻp odam jarohatlangan.