Qurilish chiqindilarini belgilanmagan joyga tashlagan fuqaroga 1 700 000 so‘m jarima belgilandi. Bu haqda Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali Mirzo Ulug‘bek tumani “Oqqo‘rg‘on” ko‘chasida belgilanmagan hududga qurilish chiqindilari tashlanganligi to‘g‘risida yo‘llangan murojaat boshqarma tomondan o‘rganib chiqilgan.
O‘rganishlar natijasida fuqaro tomonidan chiqindilarni tashlash bo‘yicha talablar buzilganligi aniqlangan.
Ushbu fuqaroga MJtKning 91¹-moddasi asosida tegishli tartibda maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 1 700 000 so‘m jarima belgilandi. Chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlamaslik haqida tushuntirish ishlari olib borildi.
Avvalroq, Ekopark xodimi jarimaga tortilgani haqida xabar bergan edik.