Ushbu sayohat Egey va O’rta yer dengizida Turkiyaning marinalaridagi (qayiqlar turadigan joy) operatorlardan qayiqni ijaraga olish bilan boshlanadi. Tanlovlar shu darajada cheksizki, imkoniyatlari Turkiyaning Bodrum mintaqasiga xos bo’lgan 2 yoki 3 kabinali «gulet» yog’och kemalaridan tortib o’ta yuqori ehtiyojlarni qondiradigan hashamatli yaxtalargacha mavjud. Oila yoki do’stlar bilan butun qayiqni ijaraga olgandan keyin marshrutni tanlash maqsadga muvofiqdir.
1950-yillarning oxirlarida turkiyalik mashhur romannavis va shoirlar guruhi nomi bilan atalgan “moviy sayohat” kemada dengiz bo‘yida dam olishning o‘ziga xos turini ifodalaydi va ushbu tajriba o’z mehmonlariga mayin shabada va to’lqinlarning jozibali ritmidan bahra olish, millionlab yulduzlar ostidagi palubada orom olish, asl tajribalarga sho’ng’ish va mintaqaning yangi dengiz mahsulotlari, ajoyib gazaklari va mazali zaytun moyi taomlaridan bahramand bo’lishlariga imkon beradi.
Bodrum: Moviy sayohatning vatani
Turkiyaning premium dam olish maskani bo’lgan Bodrum cheksiz moviy manzaralarga va xushmanzara oq uylarga boy ta’til taklif etadi. Turkiyaning moviy sayohatlari Bodrumdan boshlanishi bejizga emas. Bodrum, shuningdek, yozni, moviy rangni va klassik yog’ochdan yasalgan yaxta “turk gulet”ini anglatuvchi Turkiyaning ramziy manzilidir. Bodrum har yili ko’zni qamashtiruvchi firuza ko’rfazlariga son-sanoqsiz dengizchilar va mehmonlarni jalb qiladi. Bundan tashqari, o‘zining hashamatli marinalari, yuqori darajadagi xaridlari, jo’shqin tungi hayoti va Mishlen darajasidagi restoranlaridagi shohona taomlari bilan sayyohlarni mahliyo qilib kelmoqda. Bu yerda Gumushluk, Yalikavak, Turkbuku, Go‘lturkbuku, Ortakent, Bitez va Akyarlar kabi ajoyib moviy sayohat bekatlarida qayiqni bog’lab, Bodrumning moviy suvlariga sho‘ng‘ish mumkin. Bodrum sho’ng’ish uchun ajoyib maskan, shuningdek, bu yerda 15-asrning tarixiy Bodrum qal’asi va qal’aning ichida ajoyib Bodrum suv osti arxeologiya muzeyini ko‘rish mumkin.
Datcha va Marmaris: Yashil va Moviyni birlashtirgan marshrutlar
Datcha yarim oroli Egeyning O’rta yer dengizi bilan uchrashadigan nuqtasida joylashgan bo‘lib, Turkiyadagi yana bir diqqatga sazovor «moviy sayohat» bekatidir. Ko‘p asrlik zaytun va bodom daraxtlari, muhtasham qo‘ltiqlari va tarixiy boyliklari bilan mashhur bo‘lgan hudud tarixiy tosh qasrlari, tosh uylari bilan o‘z o‘tmishining ko‘rkamligini saqlaydi. Kurubuk, Palamutbuku, Hayitbuku, Qizilbuk kabi qoʻltiqlar koʻrish kerak boʻlgan bekatlar qatoriga kiradi. Sayyohlarni asrlar osha o’tmishga olib boruvchi Qadimgi Knidos plyajidan quyosh botishini tomosha qilish o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Egey dengizining tabiiy port shahri bo’lgan Marmarisga moviy sayohat davomida Hisaro‘nu ko’rfazi, Chiftlik ko’rfazi, Serche bandargohi, Bozukkale va Sedir orollarining jozibasidan bahramand bo‘lish mumkin.
Go‘jekdan Fethiyegacha: Turkuaz ko’rfazlari, tarixiy kashfiyotlar
Turkiyadagi yana bir mashhur moviy sayohat manzili Go’jek bo‘lib, har fursatda o’zining yorqin ko’rfazlari bilan tashrif buyuruvchilarni maftun qilmoqda. Dalyan va Ekinjik Marmarisdan Go‘jekgacha bo’lgan sayohatlarni kutayotgan birinchi ko’rfazlardir. Bu yerdan qayiqqa o’tirib, qoya qabrlari bilan mashhur bo’lgan qadimgi Kaunos shahriga tashrif buyurish mumkin. Shuningdek, ushbu yo’nalishda caretta caretta dengiz toshbaqalari uchun eng muhim ko’payish joylaridan biri bo’lgan Iztuzu plyaji mavjud. Go‘jek atrofida ko’rishga arziydigan ko’plab diqqatga sazovor manzillar bor, masalan, Go‘jek oroli, Yassija orollari, Bedri Rahmi ko’rfazi, Kleopatra ko’rfazi va Tersan oroli. Bu qo‘ltiq va orollar orasida sayohat chog‘ida qirg’oq bo’yidagi o’rmonlarning g’ayrioddiy zumrad ohanglari mintaqa tarixini yoritganiga guvoh bo‘lish mumkin .
Kash-Kekova: Turk Rivierasida suzib yurish
Turkiyadagi moviy sayohat uchun eng go’zal manzillardan biri bu Turk Rivierasi… Turkuaz rangdagi ko’rfazlar orasida sayohat qilish maftunkor arxeologik joylardan tortib yam-yashil o’rmonlar va tanho plyajlardan manzarali yurish yo’llariga qadar yashirin go’zalliklarni kashf qilish imkoniyatini beradi. Mashhur sho’ng’ish markazi Kashda dunyodagi eng go’zal plyaj sifatida qabul qilingan Kaputash plyaji ham joylashgan. Kashdan boshlangan moviy sayohatda Limanağzi ko’rfazi, Kabutarlar oroli, O’n ikki orol, Ufak Dere, İno‘u ko’rfazi va Aperlai ko‘rfazi bekatlari mavjud. Kekovada dunyoga mashhur bo’lgan Batik va Dolichiste qadimiy shahri xarobalarini ko‘rish mumkin. Shuningdek, ushbu marshrutda oqshomlarni qirg’oqda o’tkazib, zaytun moyi va yangi dengiz mahsulotlari, meva va sabzavotlarga boy O’rta yer dengizi parhezining sog’lom va mazali taomlaridan tatib ko‘rish mumkin.
Cheshme: Egeyning yuragidagi mo’jiza
Izmir — Egeyning qoq markazida bo‘lib, u yerda qishloq hayoti va zamonaviy madaniyatning ajoyib uyg’unligini ko‘rish mumkin. Zaytun va uzumzorlar yo’llari, Egey taomlari va Mishlen restoranlari bilan mashhur bo’lgan bu viloyat, shuningdek, oziq-ovqat va turar joydagi qat’iy standartlari bilan ajralib turadi. Cheshme shahrida bo’lganingizda, tarixiy tosh uylar bilan qoplangan tor ko’chalari, shamol tegirmonlari va Egey lazzatlari bilan ta’minlangan shinam restoranlarga ega Alachatiga tashrif buyuring. Tinch Alachati kechalari jonlanadi va zaytun moyi, yangi dengiz mahsulotlari va baliqlar, Egey o’tlari va taomlari bilan barchani xushnud qiladi. Hudud o’zining kuchli shamollari bilan mashhur bo‘lib, vindserfing va kaytserfingda ustunlik qiladi.