Bodrum — orzularning binafsharang gullar makoni

Bodrum — orzularning binafsharang gullar makoni

Bodrum Mug’laning eng ko‘zga ko‘ringan viloyati bo’lish bilan bir qatorda Turkiyaning eng afsonaviy dam olish maskanlaridan biridir. Bodrumda ko‘m-ko‘k va tiniq dengizlari bilan mashhur ko’rfazlar joylashgan bo‘lib, jami 11 hududda 65 ta ko’k bayroqli xususiy yoki jamoat plyajlari mavjud.

Bitez

Bitez – suzish uchun eng qulay va shinam maskanlardan. Bitez dengizi ko’pincha to’lqinsiz, iliq va toza. Bitez dengizining eng afzal tomoni suv sathi asta-sekin chuqurlashib boradi, shu bois bolali oilalarning eng sevimli dengiziga aylanib ulgurgan. Bu mintaqada jamoat plyajlari bilan bir qatorda xususiy korxonalar ham mavjud.

Go‘lturkbuku

Moviy bayroqli dengizlarga boy Go‘lturkbukuning suzish uchun eng bebaho maskani Jennet ko’rfazidir. Ko’rfazning dengizi tiniq va to‘q ko‘k rangi bilan ajralib turadi va markazdan uzoqda joylashganligi sababli mavsumda gavjum bo‘lmaydi.

Akyarlar

Akyarlar Bodrumda baliq bilan suzish mumkin bo’lgan noyob joylardan biridir. Dengiz suvi tiniq, sayoz va shamol bo‘lmagan paytlar juda sokin. Hududning aksariyat qismida korxonalar bo’lishiga qaramay, jamoat plyajlari ham bor. Ushbu mintaqadagi Meteor va Karainjir ko’rfazlari sayyohlar tomonidan eng ko‘p tanlanadigan joylardandir.

Gumushluk

Gumushluk dengiz bo’yidagi hayratlanarli restoranlari bilan mashhur bo’lib, dengizi toshli va qumli, shuningdek, to’lqinli. Dengiz suvi iliq. Restoranlar orasidagi qulay joylardan yoki jamoat plyajidan dengizga tushish mumkin. Gumushlukda joylashgan Tavshan oroli va Eski Karakaya qishlog’i bamisli jannat!

Torba

Torba moviy bayroq va tiniq dengizlari bilan hashamatli dam olish maskani bo‘lib, dengizda vaqti-vaqti bilan kuzatiladigan to’lqin tufayli kechki paytlari suv usti biroz loyqalanishi mumkin, lekin shamolsiz kunda suv juda toza va yangiday bo‘ladi. Torba qirgʻogʻi va dengizi butunlay qumli, dengiz suvining harorati iliq, dengiz sathi asta-sekin chuqurlashib boradi. Torbadan jo’nab ketadigan qayiq sayohatlari bilan boshqa ko‘rfazlarga sayohat qilish mumkin.

Kargijak Ko‘rfazi

Kargijak ko‘rfazi unchalik ma’lum va mashur bo‘lmasa-da, o‘zining yashirin va qo‘l tegmagan tabiiy go‘zalligi bilan Bodrumning eng yoqimli dengiziga ega maskanidir. Kargijak ko’rfazining dengizi huddi akvariumga o’xshaydi, biroq dengiz suvi boshqa joylarga qaraganda sovuqroq va biroz sho’r. Bu ko’rfazda biron bir korxona yoki do‘kon uchratish imkonsiz, shuning uchun sayyohlarga o‘zlari bilan birga yegulik va ichimliklar olish tavsiya qilinadi. Suvga sho’ng’ish uchun ko’zoynak olishni ham unutmaslik kerak. Tabiat va dengiz ixlosmandlari bu yerda chodir qurib dam olishlari mumkin.

Yalikavak

Yalikavakning moviy bayroqli dengizi juda toza, ammo serto’lqin. Mintaqaning ko’plab dam oluvchilar tomonidan afzal ko’rilishining eng katta sababi bu restoranlar va xususiy plyajlarda taqdim etilgan imkoniyatlardir. Yalikavakda suzish uchun eng ko‘p tanlanadigan ko‘rfazlardan Arka Kudur  va Tilkijik ko’rfazlaridir. Yalikavak shamol tegirmonlari bilan ham mashhur. Yalikavakda shamol syorfingi bo’yicha mashg’ulotlarda qatnashish imkoniyati ham mavjud.

Malohat ARTIKOVA