Massachusets texnologiya instituti, Brigham ayollar kasalxonasi va Garvard tibbiyot maktabi tadqiqotchilari bosh terisidagi kal dogʻlarni yoʻq qiluvchi mikroignali maxsus yamoq ishlab chiqishdi. Tadqiqot natijalari «Advanced Materials» jurnalida chop etildi.
Kallik insonning immunitet tizimidagi nomaʼlum sabablarga koʻra soch follikulalariga hujum nitajsida sodir boʻladi. Bunda sochlar bosh terisining butun yuzasi boʻylab bir tekisda yupqalashmaydi, balki alohida joylarda toʻkiladi. Keraksiz reaksiyalarning mahalliy qoʻzgʻatilishini toʻxtatish uchun olimlar bosh terisiga ogʻriqsiz surtiladigan va kiyilganda immunosupressiv dorilarni chiqaradigan mikroignali yamoq yaratdilar.
Ishlanma allaqachon yung toʻkilishi bilan kasallangan sichqonlarda sinovdan oʻtkazilgan. Yamoqlardan foydalanish umumiy immunitetga salbiy taʼsir koʻrsatmasdan, sichqonlarning yunglari qalinligining oshishiga yordam bergan.
Olimlar taʼkidlashicha, ushbu yamoq tibbiyotda keng qoʻllaniladigan biomoslashuvchan materiallar – gialuron kislotasi va poliyetilen glikoldan tayyorlangan.
Tadqiqotchilarning fikriga koʻra, ushbu yangilikni dermatit va psoriaz kabi teri kasalliklarini davolash uchun moslashtirilishi mumkin. Endi olimlar tadqiqotni davom ettirish niyatida va yamoqni koʻngillilarda sinab koʻrish imkoniyatini koʻrib chiqishadi.