Soʻnggi haftalarda Sumi viloyati Rossiya artilleriyasi tomonidan oʻqqa tutilishi oqibatida bir kishi halok boʻlib, toʻrt nafari yaralangan. Ukraina politsiyasi soʻnggi 24 soat ichida Moskva kuchlari hududni 224-marta oʻqqa tutganini aytdi. Ukraina Rossiya tomonidan bosib olingan Lugansk shahridagi neft omboriga zarba yoʻllaganidan soʻng yirik yongʻin sodir boʻlgan, 5 kishi jarohatlangan.
Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) Rossiyaning Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va boshqa yuqori martabali amaldorlarga suiqasd uyushtirish rejasini fosh qilganini maʼlum qildi. UXX Rossiya Federal xavfsizlik xizmati rejani amalga oshirish uchun agentlar tarmogʻini tashkil etgani va yuqori mansabdor shaxslarni himoya qiladigan ikki polkovnikni gumondor sifatida qoʻlga olgani haqida xabar berdi.
Vladimir Putin beshinchi muddatga Rossiya prezidenti sifatida qasamyod qildi. Davlat rahbari oʻz nutqida mamlakat ogʻir davrdan gʻalaba bilan chiqishini aytgan. Ushbu inauguratsiya marosimini AQSH, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqining bir qancha davlatlari boykot qilgani maʼlum. Bir necha oʻnlab namoyishchilar Gaaga Tinchlik saroyi oldida toʻplangan. Putinning qasamyod marosimiga qarshi norozilik bildirib, uni sudga chaqirishgani aytilmoqda.
Xitoy Xalq Respublikasi prezidenti Si Szinpin ikki kunlik safaridan soʻng Fransiyani tark etib, Yevropaning boshqa davlatlariga yoʻl olgan. Emmanuel Makron uni Ukrainadagi urushni tugatishga yordam berish uchun Rossiyaga taʼsiridan foydalanishga undagan.
Zelenskiyning aytishicha, Kabo-Verde orol davlati kelasi oy Shveysariyada boʻlib oʻtadigan tinchlik sammitida qatnashishga rozi boʻlgan birinchi Afrika davlatiga aylandi. 15-16-iyun kunlari boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan tadbirga mezbon davlat 160 ta delegatsiyani taklif etgan.
AQSHda joylashgan «Freedom House» notijorat tashkilotini Rossiyada taʼqiqlandi. Ushbu tuzilma 2024-yilgi dunyo davlatlarining erkinligi haqida tayyorlagan reytingida Rossiya «Erkin boʻlmagan» maqomini olgan. Shuningdek, Moskvaning Kiyevga bostirib kirganidan keyin siyosiy huquq va fuqarolik erkinliklariga nisbatan cheklovlar kuchaytirilganligi qayd etilgan.
Ruminiya prezidenti Klaus Yoxannis AQSHga tashrifi chogʻida Ukrainaga «Patriot» raketa tizimini yuborish boʻyicha muzokaralarga ochiq ekanini aytdi. Ruminiya 2017-yilda «Patriot»larni xarid qilish uchun 4 milliard dollarlik shartnoma imzolagan va uning birinchi partiyasini 2020-yilda qabul qilib olgan edi.