Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari ota-onalarning farzandi kelajagiga qanchalik mas’uliyat bilan yondashayotgani va ta’lim-tarbiya jarayonidagi ishtirokini o‘rganish maqsadida so‘rov o‘tkazdi.
So‘rovda o‘rtacha yoshi 43 ga teng bo‘lgan 3602 nafar ota-ona ishtirok etdi (N=3602). Ularning 75 foizini ayollar, 25 foizini erkaklar tashkil etdi. Respondentlarning 40 foizi oliy, 37 foizi o‘rta-maxsus va 23 foizi o‘rta ma’lumotga ega.
So‘rovda ishtirok etganlarning 26 foizini uy bekasi, ishsiz, nogiron va nafaqadagi kishilar tashkil etdi. Respondentlarning 66,7 foizi qiz farzandning, 33,3 foizi esa o‘g‘il farzandning ota-onasi.
So‘rovda qatnashganlarning 70 foizi farzandi buva-buvisi bilan istiqomat qilmasligini bildirgan. Aytib o‘tish joizki, bugungi kunda respublikadagi har bir oilaga 0,33 nafar qariya to‘g‘ri keladi.
So‘rov natijasi ota-onalarning 94,6 foizi farzandi kelajagi haqida o‘zaro suhbatlashib turishini, 13,9 foizining fikrlari bir xil emasligini ko‘rsatdi.
Ota-onalarning 97,8 foizi farzandi bilan uning bo‘lajak kasbi va qiziqishlari to‘g‘risida suhbatlashib turishini, 2,2 foizi esa bu haqida umuman suhbatlashmasligini bildirgan. Ularning 64,5 foizi qiz farzandning ota-onasi va 40 foizi oliy ma’lumotga ega.
So‘rov natijalariga ko‘ra, yoshlarning 20,7 foizi shifokor, 18,2 foizi o‘qituvchi, 15,0 foizi jurnalist, 10,5 foizi iqtisodchi, 7,8 foizi IT sohasi mutaxassisi, 5,2 foizi tadbirkor, 5,3 foizi moliyachi va 1 foizi huquqshunos bo‘lish istagida.
Qizlar asosan shifokor (24,3 foiz), o‘qituvchi (22,5 foiz), jurnalist (21,1 foiz) va iqtisodchi (7 foiz) bo‘lishni rejalashtirmoqda.
O‘g‘il bolalar esa iqtisodchi (17,5 foiz), IT mutaxassisi (14,3 foiz), moliyachi (8,4 foiz), tadbirkor (8,2 foiz) va sportchi (4,4 foiz) bo‘lish istagini bilidrgan.
So‘rov natijalariga ko‘ra, ota-onalarning bor-yo‘g‘i 56,0 foizi farzandining ta’lim olishdagi yutuqlarini to‘liq qoniqarli, 12,6 foizi esa qoniqarli emas, deb baholaydi.
Tadqiqot davomida o‘quvchilarning 75 foizi qo‘shimcha darslarga borishi aniqlandi.