Avval xabar qilganimizdek, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Janubiy Koreyada boʻldi.
Koreya Respublikasi va Oʻzbekiston oʻrtasida farmatsevtika sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, qoʻshma loyihalarni yaratishda xorijiy tajribalarni oʻrganish, shuningdek, “Tashkent Pharma Park” klasteri sanoat zonasida oʻzaro manfaatli korxonalar tashkil etish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida delegatsiya vakillari “Samsung Medicos CO., LTD” kompaniyasi direktori Kyung Seo hamda kompaniya bosh mutaxassislari bilan muzokara oʻtkazdilar.
“Samsung Medicos CO., LTD” — bu ixtisoslashgan kompaniya boʻlib, terini parvarish qilish uchun tibbiy kosmetika mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Kompaniyada teri mahsulotlari, losyonlar, kremlar va yuz maskalari kabi mahsulotlarni ishlab chiqarishga qodir 12 ta ishlab chiqarish zanjiri va mingdan ortiq mahsulotlar turi mavjud.
Uchrashuv davomida Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori mamlakatimizda farmatsevtika va kosmetika bozorining joriy holati haqida maʼlumot berib, ishlab chiqarishni Oʻzbekistonda mahalliylashtirish imkoniyatlarini koʻrib chiqish uchun eng istiqbolli yoʻnalishlarni qayd etdi.
Shuningdek, yurtimizda farmatsevtika va kosmetikaning bugungi holati, sohaga investitsiya kiritish shartlari, xorijiy kompaniyalarga yaratilgan imkoniyatlar, yengillik va imtiyozlar haqida taʼkidlandi.
Muloqot davomida hamkorlik istiqbollari va Oʻzbekistonda biznes imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish klasteri sanoat zonasida “Samsung Medicos CO., LTD” tomonidan ishlab chiqarishni mahalliylashtirish orqali hamkorlikni davom ettirishga va joriy yilning iyun oyida mazkur kompaniya vakillari bilan Oʻzbekistonda “Tashkent Pharma Park” klasterida uchrashishga kelishib oldilar.