AQSH kelasi hafta oxirigacha Ukrainaga ATACMS operativ-taktik raketalarini oʻz ichiga olgan harbiy yuklarni yetkazib berishni tiklashi mumkin. Bu fikrlarni AQSH Senati razvedka qoʻmitasi raisi Mark Uorner CBS telekanaliga bergan intervyusida aytib oʻtdi.
Uning taʼkidlashicha, 23-24-aprel kunlari senatorlar Kiyev rasmiylariga qariyb 61 milliard dollar ajratish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini maʼqullab, Oq uy rahbari Jo Baydenga imzolash uchun taqdim etadi.
«Umid qilamanki, prezident imzolaganida bu materiallar hafta oxirigacha yetib boradi», dedi Uorner.
«Ukrainaga yetkazib beriladigan uzoq masofali oʻq otish qurollari boʻladimi?», degan savolga qoʻmita rahbari ijobiy javob berib, Amerika maʼmuriyati soʻnggi ikki oy davomida ATACMS raketalarini topshirishga tayyorgarlik koʻrganini va bu haqda bir kun oldin tasdiqlangan hujjatda aytilganini taʼkidladi.
ATACMS — Lockheed Martin korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan tezkor-taktik ballistik raketa hisoblanadi. U bir nechta raketa tizimlaridan, shu jumladan M142 HIMARSdan ham uchirilishi mumkin.
Bir kun avval AQSH Kongressi Vakillar palatasi koʻpchilik ovoz bilan Ukrainaga salkam 61 milliard dollar ajratish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini qabul qildi. Shundan 23,2 milliardi Pentagon omborlaridan oʻtkazilgan qurollarni toʻldirishga yoʻnaltirilishi taklif qilinmoqda. Yana 13,8 milliardi ochiq bozorda qurol sotib olishga ketadi, 11,3 milliardi esa «mintaqadagi davom etayotgan AQSH harbiy amaliyotlarini» qoʻllab-quvvatlash uchun moʻljallangan.
Kongressmenlar tomonidan maʼqullangach, hujjat Senatga yuboriladi, soʻngra u yerda qoʻllab-quvvatlansa, prezident Jo Bayden tomonidan imzolanishi uchun yuboriladi.