Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari 2017-2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasida amalga oshirilgan islohotlarning asosiy natijalarini tahlil qildi.
2023-yilda O‘zbekistonga kelgan xorijlik sayyohlar soni 6,6 million nafarga yetdi. Shuni ta’kidlash lozimki, oxirgi olti yilda turistlar oqimi qariyb 2,5 barobar ko‘paydi, ya’ni 2017-yilda xorijlik sayyohlar soni 2,6 million nafarni tashkil qilgandi.
Ma’lumot uchun: Dunyodagi 91 ta mamlakat fuqarolari O‘zbekistonga kelish uchun vizasiz tartibdan foydalanishi mumkin. Taqqoslaydigan bo‘lsak, Qozog‘istonga 26 ta, Turkiyaga 41 ta, Gruziyaga esa 56 ta mamlakat fuqarolari vizasiz kela oladi.
Turizm eksportining rivojlanishi mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror o‘sish manbalaridan biri hisoblanadi. 2023-yilda turizm xizmatlari eksporti 2 milliard 143 million AQSH dollarini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2017-yilda 531 million dollarni tashkil qilgandi. 2023-yilda sayyohlar sonining sezilarli darajada oshishi hisobiga turizm xizmatlari eksporti 2017-yildagiga nisbatan qariyb 4,5 barobarga ortgan.
Ma’lumot uchun: Amerikaning Travel Lemming onlayn sayohat qo‘llanmasi 2023-yilda O‘zbekistonni dunyoning 50 ta eng yaxshi sayyohlik yo‘nalishi ro‘yxatiga kiritdi va mamlakatimiz 9-o‘rinni egalladi. Ushbu qo‘llanma har yili dunyo bo‘ylab yangi yo‘nalishlar va yashirin durdonalarni yoritadi va uni 6 milliondan ko‘proq sayohatchi o‘qiydi. Qayd etilayotgan natijalar sohaning salohiyati katta ekanligidan dalolat beradi. Shu bois sohada infratuzilma obektlarini yanada ko‘paytirish va ichki turizm imkoniyatlaridan samarali foydalanishga e’tibor qaratilmoqda.
2023-yilda O‘zbekistonda sayyohlarni joylashtirish vositlari soni 5526 taga yetdi. Oxirgi olti yilda sayyohlarni joylashtirish vositlari soni 7,2 barobar ko‘paydi, ya’ni 2017-yilda ularning soni 767 ta edi xolos.
2017-2023 yillar oralig‘ida mamlakatimizda sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi sub’yekt va ob’yektlar soni 7 baravar ko‘paydi va ularning soni 749 tadan 5276 taga yetdi.
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida tashqi va ichki turizmni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish orqali sayyohlar sonini oshirishga alohida e’tibor berilgan. Shunga ko‘ra, 2030-yilga qadar xorijiy sayyohlar sonini 15 million nafarga, ichki sayyohlar sonini 25 million nafarga, ziyorat turizmi bo‘yicha keladigan sayyohlar sonini 3 million nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, xususiy investisiyalarni jalb qilish hisobiga respublikada mehmonlar uchun mo‘ljallangan o‘rinlar sonini kamida 2 barobar oshirish, turizm mahallalari sonini 175 taga, turizm xizmatlari eksportini 5 milliard dollarga, tibbiyot va ta’lim turizmi eksportini yiliga 1,5 milliard dollarga yetkazish belgilangan.