Rossiyaning Novgorod viloyatida patent asosida ishlaydigan chet elliklar spirtli ichimliklar sotishi, avtobus va taksi haydovchisi sifatida ishlashi taqiqlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tegishli farmonni viloyat gubernatori Andrey Nikitin imzolagan. Hujjatga ko‘ra, xorijiy fuqarolarga alkogolli ichimliklar va tamaki mahsulotlarining chakana savdosi bilan shug‘ullanish, avtobus va taksi haydovchisi sifatida ishlash taqiqlanadi. Ish beruvchilar ushbu toifadagi xodimlarni 26 iyungacha ishdan bo‘shatishlari kerak.
Shu bilan birga, taqiq Rossiyada yashash uchun ruxsatnomaga ega yoki mintaqada vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tgan ishchilarga, shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo mamlakatlar fuqarolariga ta’sir qilmaydi.
Hujjat viloyatda mehnat bozorini tartibga solish, migratsiya holatini barqarorlashtirish, ekstremistik va terroristik jinoyatlarning oldini olish maqsadida Ichki ishlar vazirligining tavsiyalarini inobatga olgan holda qabul qilingan.
Ilgari migrantlarning sanoatning ayrim tarmoqlarida ishlashini taqiqlash Chelyabinsk, Magadan, Kaliningrad, Tula, Novosibirsk, Tyumen va Kaluga viloyatlarida, shuningdek, Xanti-Mansi avtonom okrugi – Yugra va Yakutiyada joriy qilingan edi.