Soʻnggi yillarda qator mintaqalar boʻylab avj olayotgan vabo epidemiyasi millionlab insonlar hayotini xavf ostida qoldirmoqda. Garchi bu ogʻir xastalikdan himoyalanish chorasi allaqachon topilgan boʻlsada, biroq unga qarshi vaksinalar zaxirasi nihoyasiga yetdi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesus va Zambiya prezidenti Xakainde Xichilem muallifligida eʼlon qilingan tahliliy maqola ayni shu oʻtkir muammoga bagʻishlandi.
Qayd etilishicha, uch yildan buyon sayyoramizda mazkur epidemiya bilan bogʻliq vaziyat tobora yomonlashyapti. Masalan, 2021-yilda 223 ming kishi bu dardga chalingan boʻlsa, 2022-yilda mavjud koʻrsatkich ikki barobar oshib, 473 mingtaga yetdi.
2023-yilgi hisob-kitoblar esa yanada xavotirli. Jahon boʻyicha oʻtgan yili 700 mingdan koʻproq bemorga vabo tashxisi qoʻyilgan. Eng yomoni, hozir ham 23 mamlakatda kasallanish holatlari roʻyxatga olinyapti va 1 milliarddan ziyod insonning salomatligi xavf ostida.
Biroq farmatsevtika kompaniyalari past rentabellik tufayli bu kasallikka qarshi vaksinalar ishlab chiqarishni toʻxtatib qoʻygan. Chunki aksariyat vabo oʻchoqlari eng qashshoq mamlakatlarda aniqlanyapti. Tabiiyki, ular bunday himoya vositalarini katta miqdorda xarid qilishga qodir emas.
Shunga qaramay, joriy yilda 37-50 million doza vaksina ishlab chiqarilishi prognoz qilinmoqda. Lekin bu millionlab odamlar ehtiyojlarini qoplash uchun yetarli emas.
Shundan kelib chiqib, JSST ishlab chiqaruvchilar, homiylar va hukumatlarni bu borada hamkorlikka hamda vaboga qarshi kurashish uchun barcha zarur choralarni koʻrishga chaqirdi.