Joriy yilning 17-26-yanvar kunlari Jizzax viloyati hokimi boshchiligida hokimlik masʼullari, viloyat tashkilotlari rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlari hamda tadbirkorlardan iborat delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida boʻlgan edi. Tashrif davomida ikki davlat biznes vakillari va tadbirkorlari ishtirokida investitsiya kiritish yuzasidan hamkorlik muzokaralari boʻlib oʻtgandi.
Kuni kecha mazkur uchrashuvlar davomi sifatida savdo iqtisodiy shartnomalar tuzish uchun xitoylik tadbirkorlar Jizzax viloyatiga tashrif buyurishdi.
Viloyat hokimligida oʻtkazilgan uchrashuvda viloyat hokimi Ergash Saliyev xitoylik tadbirkorlarga viloyatning iqtisodiy va ijtimoiy imkoniyatlari haqida maʼlumot berib, tomonlar oʻrtasidagi hamkorlik samarali boʻlishini taʼkidladi. Oʻz navbatida, xitoylik tadbirkorlar ham oʻzaro hamkorlikdan manfaatdor ekanliklarini bildirib oʻtishdi.
Shundan soʻng, viloyat rahbari mehmonlarni Jizzax shahrida oʻtkazilgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasiga taklif etdi. Unda xitoylik investorlar qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, chuqur qayta ishlangan mahsulotlar, qurilish materiallari, yengil sanoat, avtomobilsozlik, elektrotexnika, farmatsevtika va dorivor oʻsimliklar sohasida faoliyat yuritib kelayotgan korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishish barobarida yangi hamkorlar bilan ham muzokaralar olib borishdi.