Rossiyaning Samara viloyatidagi ikkita neftni qayta ishlash zavodiga dronlar hujum qildi, hujumlardan so‘ng ikkala korxonada ham yong‘inlar boshlandi. Bu haqda bugun, 16 mart kuni mahalliy nashrlar xabar berdi.
Hujum ertalab soat 6:00 lar atrofida sodir bo‘lgan. Sizran shahridagi neftni qayta ishlash zavodi hududida yong‘in maydoni 500 kv. metrga yetgan.
Deyarli bir vaqtning o‘zida bir nechta boshqa dronlar Novokuybishevskiy neftni qayta ishlash zavodiga zarba berdi. U yerda ham yong‘in boshlandi, yarim soatdan keyin yong‘in o‘chirildi.
Samara viloyati rasmiylari Novokuybishevskdagi neftni qayta ishlash zavodiga berilgan zarbani “hujumga urinish” deb atadi va u to‘xtatilganini bildirdi. Qurbonlar haqida ma’lumot berilmagan.
Qayd etish joizki, 2007 yildan beri Sizran neftni qayta ishlash zavodi “Rosneft”ning Samara neftni qayta ishlash zavodlari guruhiga kiradi. Zavod G‘arbiy Sibir neftini, Orenburg konlaridan olingan neftni, shuningdek, Samara viloyatida ishlab chiqarilgan neftni qayta ishlaydi. Sizrandagi neftni qayta ishlash zavodining loyiha quvvati yiliga 8,5 million tonna, Novokuybishevskdagi neftni qayta ishlash zavodi esa yiliga 8,3 million tonna neftni qayta ishlashga yetadi.
Shuningdek, Lipetsk viloyatidagi neftni qayta ishlash zavodiga tungi vaqtda dronlar tomonidan hujum qilingani xabar qilingan. Stanovaya stansiyasi hududida (Drujba neft quvurining bir qismi) ikkita portlagan samolyot tipidagi dronning bo‘laklari topildi.
Ma’lumot uchun, 12 mart kuni Rossiyadagi eng yirik neftni qayta ishlash korxonalaridan biri bo‘lgan Nijniy Novgorod yaqinidagi “Lukoyl-Nijegorodnefteorgsintez” neftni qayta ishlash zavodiga uchuvchisiz samolyotlar hujum qilgan. O‘sha kuni dron Oryoldagi neft omboriga kelib urilgan va tankerlardan birida yong‘in chiqqan.
Bir kun avval Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy harbiy yig‘ilishlar o‘tkazganini, unda Rossiyaning “eng zaif joylari” aniqlangani, u yerda Ukraina kuchlari “eng katta zarar” keltirishi mumkinligini aytgan.
«Va biz buni qilamiz. Rossiya davlati qanchalik ko‘p yo‘qotsa va uning tajovuzkorligi qanchalik qimmatga tushsa, bu urushning adolatli yakuni shunchalik yaqin bo‘ladi», degan Zelenskiy.