Daniya hukumati 2026 yildan boshlab Qurolli kuchlarni isloh qilish doirasida ayollarni harbiy xizmatga chaqirishni taklif qilmoqda. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.
«Biz urushni xohlayotganimiz uchun qayta qurollanayotganimiz yo‘q. Biz urushdan qochish uchun armiyani qayta qurollantiryapmiz», deydi Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat jinslar o‘rtasida to‘liq tenglikni istaydi, shuningdek, harbiy xizmat muddatini to‘rt oydan 11 oygacha uzaytirishni taklif qilmoqda.
Mudofaa vazirligining rejalariga muvofiq, 2026 yildan boshlab har yili 5 ming nafar erkak va ayol muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi.
2023 yil boshida o‘sha paytdagi mudofaa vaziri Yakob Ellemann-Yensen armiya haqiqatan ham mamlakatni himoya qila olmasligini aytib, ayollarni majburiy harbiy xizmatga chaqirishni taklif qilgan. 2023 yil iyun oyida Daniya parlamentidagi mutlaq ko‘pchilik bu qarorga rozi bo‘lgan.
Shunday qilib, Daniya Yevropada Norvegiya va Shvetsiyadan keyin ayollar harbiy xizmatni o‘tashi shart bo‘lgan uchinchi davlatga aylanadi.
Muddatli harbiy xizmatni o‘tashning 11 oylik yangi modeliga ko‘ra, muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilar besh oy davomida boshlang‘ich tayyorgarlikdan o‘tadi, qolgan olti oy davomida armiya, havo kuchlari va dengiz flotida tezkor xizmatni o‘taydi.
Ayni paytda aholisi 6 milliondan sal kam bo‘lgan Daniyada 18 yoshdan oshgan barcha jismonan sog‘lom erkaklar harbiy xizmatga chaqirilishi mumkin.