BMT Bosh kotibi Ramazon oyida G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi

BMT Bosh kotibi Ramazon oyida G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Ramazon oyi boshlanishi munosabati bilan G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda u kecha, 11 mart kuni Nyu-Yorkdagi BMT shtab-kvartirasida o‘tkazilgan brifingda so‘z ochdi.

Uning aytishicha, Ramazon boshlanishiga qaramay, G‘azoda qotilliklar, portlashlar va qirg‘inlar davom etmoqda. Bosh kotib Ramazon “tinchlik, murosa va hamjihatlik qadriyatlari” ramzi ekanini urg‘ulagan.

“Bugun men Ramazon qadriyatiga muvofiq qurollardan voz kechishga va hayotni saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan yordamni tez yetkazib berish yo‘lidagi barcha to‘siqlarni olib tashlashga qattiq chaqiraman. Hozir butun dunyoning, tarixning nigohi bizda. Biz yuz o‘gira olmaymiz. O‘lim holatlarining oldini olish uchun chora ko‘rishimiz kerak”, deydi Guterrish.

Bosh kotibning ta’kidlashicha, G‘azo sektoriga juda kam gumanitar yordam yetib kelyapti. U G‘azoda xalqaro insonparvarlik qonunlari buzilganini aytdi. Jahon tashkiloti rahbari Isroilning eksklav janubidagi Rafah shahriga quruqlikdagi hujumi “g‘azoliklarni do‘zax doirasiga yanada chuqurroq olib kirishi” haqida ogohlantirdi.