Nyu-Yorkda Oʻzbekiston va Lixtenshteyn oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatish toʻgʻrisidagi Qoʻshma kommyunike imzolandi.
Ikki mamlakat hukumatlari nomidan hujjatni Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulugʻbek Lapasov va Lixtenshteyn Knyazligining BMTdagi doimiy vakili Kristian Venvayzer imzoladi.
Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qoʻshma hamkorlikni kuchaytirishga oʻzaro tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikning oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarini topish uchun ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Hujjatning imzolanishi Oʻzbekiston bilan Yevropa davlatlari oʻrtasidagi hamkorlikni faollashtirish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.
Shu tariqa, Lixtenshteyn Oʻzbekiston bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatgan 146-davlatga aylandi.