Armanistonning Kollektiv xavfsizlik toʻgʻrisidagi shartnomadan chiqishi rad etildi

Armanistonning Kollektiv xavfsizlik toʻgʻrisidagi shartnomadan chiqishi rad etildi

Armaniston Bosh shtabi rahbari Edvard Asryan respublikaning Kollektiv xavfsizlik toʻgʻrisidagi shartnoma (KXTSH) chiqishini rad etdi.

Matbuot anjumani davomida jurnalistlar Bosh shtab rahbariga mamlakatning ushbu shartnomadan chiqishi oqibatlari haqida savol berishdi.

“Biz hali KXTSHni tark etganimiz yoʻq, savolingizning davomi sirni oʻz ichiga oladi”, dedi general oʻz javobida. Uning qoʻshimcha qilishicha, Armanistonga Rossiya qurollarini yetkazib berilishi davom etishi masalasi ham davlat siri hisoblanadi.

Shu yilning 28-fevral kuni Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan respublika KXTSHga aʼzoligini muzlatib qoʻyayotganini maʼlum qildi.

“Bizning fikrimizcha, Armanistonga nisbatan Kollektiv xavfsizlik toʻgʻrisidagi shartnoma, ayniqsa, 2021-2022-yillarda amalga oshirilmadi va bu bizning eʼtiborimiz chetida qolishi mumkin emas. Biz bu kelishuvdagi ishtirokimizni muzlatib qoʻydik. Koʻramiz, keyin nima boʻladi”, — degan edi oʻshanda Bosh vazir bu qarorga izoh berib.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan 2023-yilning 23-noyabr kuni Minskda boʻlib oʻtgan KXTSH sammitida ishtirok etishdan bosh tortdi.

Avvalroq, Armaniston parlamentida ham mamlakatning KXTSHdan chiqishi rad etilgandi. Respublika Milliy Assambleyasi spikeri Alen Simonyanning aytishicha, hozircha tashkilotga aʼzolikni toʻxtatib turish boʻyicha yakuniy qaror yoʻq.

KXTSHga oltita davlat — Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya va Tojikiston aʼzo.