Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari milliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan pokizalik va daromadlarning ortishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni ekonometrik yondashuv asosida tahlil qildi.
Xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri bo‘lgan pokizalik salomatligimizni asrashning muhim sharti hisoblanadi. Shu bilan birga, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Makroiqtisodiyot va salomatlik bo‘yicha komissiyasi (2001) sanitariya holati (tozalik) uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish va farovonlikka ijobiy ta’sir qilishini asoslab bergan.
Sog‘liqni saqlashdagi muammolar katta xarajatlarni talab qiladi. Misol uchun, insonlar sog‘ligining yomonlashuvi ularning salomatligini tiklash uchun ketadigan xarajatlarning ortishi va oqibatda daromadlarining kamayishiga olib keladi. Shu bilan birga, kasallikni davolash uchun sarflanadigan vaqtni boshqa samaraliroq faoliyatga yo‘naltirish va daromad keltiradigan biror mehnat turi bilan shug‘ullanish mumkin.
Ilmiy manbalarning ko‘rsatishicha Nigeriyada sifatli ichimlik suvi va sanitariya vositalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida o‘lim xavfi sezilarli darajada yuqori. Xususan, suvning yetarli emasligi va sanitariya sharoitlari tufayli postneonatal o‘lim xavfi 38 foizga, bolalar o‘limi xavfi 24 foizga oshgan.
Metodologiya. Tozalikning aholi daromadlari orqali iqtisodiy o‘sishga ta’sirini baholash uchun Statistika agentligi tomonidan mamlakatning barcha hududlarida 2021-yilda o‘tkazilgan tanlanma kuzatuv ma’lumotlaridan, ichimlik suvi va sanitariya sharoitining yaxshi ekanligini baholash uchun Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va YUNISEF ta’riflaridan foydalanildi.
Natijalar. Tahlillar davomida suv ta’minoti sifatining yaxshilanishi daromadning 22,1 foiz o‘sishiga olib kelishi, sanitariya sharoitining yaxshilanishi aholi jon boshiga daromadni 13,2 foizga oshirishi aniqlandi. Yakuniy model natijalari suv va sanitariya sharoitlarini yaxshilash uy xo‘jaliklarida jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 11,7 foizga oshirishini ko‘rsatadi. Olingan regressiya natijalarining ishonchliligini tekshirish uchun bir qator testlar va hisob-kitoblar amalga oshirildi.
MHTI tomonidan tayyorlangan «Миллий қадриятларга асосланган иқтисодиёт: негизлар ва фаровонлик уйғунлигининг эмпирик таҳлили» (https://imrs.uz/public/ckfinder/userfiles/files/link/26_12_2023%2012_14.pdf) deb nomlanuvchi hisobotda erkin va mustaqil fikrlash, lafz, jasorat, harakatda baraka, rozi-rizolik va boshqa milliy qadriyatlarimizning iqtisodiy taraqqiyot va jamiyat ravnaqiga ta’siri ekonometrik yondashuvlar asosida baholangan.
Amaliyotda qo‘llash uchun:
Uyda: Ozodalik va saranjom-sarishtalikka rioya qiling. Shaxsiy gigiyena va tashqi ko‘rinishingizga e’tiborli bo‘ling.
Umuman: Jamoat joylarida tartibli bo‘ling va ularni iflos qilmang.
Ishda/universitetda/maktabda: Toza va batartib muhitni ta’minlashga hissa qo‘shing. Chiqindilarning yig‘ishtirilishiga mas’uliyat bilan yondashing.