Turkmanistonning sobiq prezidenti, amaldagi davlat rahbarining otasi, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov Antaliya diplomatik forumida dunyo davlatlarini BMTga tinchlikni taʼminlashda yordam berishga chaqirdi. Bu haqda rus tilida chop etiladigan “Neytral Turkmenistan” gazetasi yozmoqda.
“Biz BMTga uning taʼsischilari tomonidan belgilab berilgan asosiy vazifani — umuminsoniy tinchlik, teng huquqli hamkorlik va taraqqiyotni taʼminlashda yordam berishimiz kerak. Bu nafaqat bizning maʼnaviy burchimiz, balki bugungi kunda dunyoda paydo boʻlayotgan xavf va tahdidlarni real hamda xolis baholash masʼuliyatimiz bilan bevosita bogʻliq”, — deydi Berdimuhamedov.
Uning soʻzlariga koʻra, boshqa xalqaro tuzilmalar va birlashmalarning BMT bilan oʻzaro hamkorligini faollashtirish, shuningdek, mintaqaviy vakolatxonalar va BMT agentliklarining roli va funksiyalarini oshirish zarur.