Shu yilning 1-3-mart kunlari Toshkent dzyudo boʻyicha “Katta dubulgʻa” turniriga mezbonlik qiladi.
Milliy Olimpiya qoʻmitasi (MOQ) maʼlumotiga koʻra, Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga yirik reyting ochkolarini taqdim etuvchi ushbu musobaqaga 70 dan ortiq mamlakatdan 500 nafardan ziyod sportchi tashrif buyurishi kutilmoqda.
Bugun MOQda mazkur turnirga bagʻishlangan matbuot anjumani tashkil etilib, bellashuvlar oldidan qator mavzular muhokama qilindi.
Anjuman avvalida sport vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov musobaqani yuqori saviyada oʻtkazish uchun davlatimiz tomonidan katta eʼtibor qaratilayotgani, barcha ishtirokchilar uchun qulay sharoitlar yaratib berilishi haqida gapirdi.
Oʻz navbatida, MOQ bosh kotibi Oybek Kasimov Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga umumiy koʻrilayotgan tayyorgarlik, dzyudochilarimizdan kutilayotgan natijalar borasida soʻzlab berdi.
MOQ raisi oʻrinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov terma jamoa aʼzolarining tayyorgarligi, mamlakatimizda yoshlar oʻrtasida dzyudo ommaviyligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, federatsiyaning yaqin rejalari xususida toʻxtaldi.
Anjuman davomida OAV xodimlari terma jamoa aʼzolarining tayyorgarligi, musobaqada qatnashadigan tarkib va boshqa qiziqarli mavzulardagi savollar bilan mutaxassislarga yuzlanishdi. Bunga javoban terma jamoa bosh murabbiyi Ilias Iliadis, ayollar jamoasi ustozi Jamshid Xudoyberganov sportchilarning umumiy holati yaxshi ekani, yil boshida ketma-ket ikki turnirda gʻalaba qozongan Diyora Keldiyorovaga dam berilgani va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha maʼlumot berishdi.