Buxoro viloyatidagi “BCT Cluster Agrokompleks” hamda Toshkent viloyatidagi “TST Agro Cluster” paxta-toʻqimachilik klasterlariga “Better Cotton Initiative” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan maxsus litsenziya berildi. Bu klasterlar tomonidan yetishtirilgan paxta xom ashyosi ekologik jihatdan toza ekanligi xalqaro darajada tan olinganini tasdiqlaydi.
Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik sanoatida yuksak salohiyatga ega mamlakat hisoblanadi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan sohada klaster tizimi joriy etilishi esa uning eksport salohiyati oshishiga keng yoʻl ochib berdi.
Darhaqiqat, bugungi kunda respublikamizda paxta xom ashyosini yetishtirish, uni birlamchi va chuqur qayta ishlash bilan 142 ta paxta-toʻqimachilik klasteri shugʻullanmoqda. Ular tomonidan 2023-yilda 1 million gektardan ortiq maydonda gʻoʻza parvarishlanib, har gektaridan oʻrtacha 35,5 sentnerdan oshirib, jami 3 million 800 ming tonna paxta hosili olindi. Bu jahon bozorida xaridorgir boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarish, qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratish uchun muhim manba hisoblanadi, albatta.
Eʼtiborlisi, keyingi paytda paxta yetishtirishda innovatsion usulga oʻtilmoqda. Yaʼni jahon bozori talablaridan kelib chiqqan holda ekologik toza paxta yetishtirish hajmi yil sayin oshirilyapti. Bu esa “Better Cotton Initiative” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan eʼtirof etib kelinmoqda.
— Oʻzbekistonda 2022-yili “Better Cotton” (“Yaxshilangan paxta”) dasturi ijrosiga rasman kirishildi, — deydi Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi raisi, senator Murtazo Rahmatov. — Aytish joizki, “Yaxshilangan paxta” standarti tizimining tamoyillarini joriy etishda “Indorama Agro”, “Navbahor Textile”, “BST Cluster Agrokompleks” paxta-toʻqimachilik klasterlarining pilot loyiha doirasida toʻplagan tajribasi qoʻl kelmoqda. Natijada “Better Cotton” dasturida ishtirok etadigan klasterlar soni yil sayin koʻpayib, ayni paytda 12 taga yetdi. Dunyoning eng yirik xalqaro brendlari bosqichma-bosqich ekologik toza mahsulot ishlab chiqarish tizimiga oʻtayotganini inobatga oladigan boʻlsak, “Yaxshilangan paxta” dasturi klasterlarimiz uchun xalqaro savdo zanjiriga qoʻshilish, yangi savdo yoʻlaklarini ochish uchun qulay imkoniyatdir.
Aytish joizki, “Better Cotton” dunyoning 26 ta mamlakatida faoliyat yuritayotgan boʻlib, 330 dan ortiq brend va 3000 ta chakana sotuvchilar uning aʼzosi hisoblanadi. Ular “Yaxshilangan paxta” dasturi doirasida yetishtirilgan paxtani xarid qilish majburiyatini olgani klaster va fermerlar uchun qulay imkoniyatdir. Biroq BCI litsenziyasini olish oson emas. Buning uchun paxta-toʻqimachilik korxonalarida xom ashyo yetishtirishdan tortib, uni chuqur qayta ishlashning barcha bosqichlarida ekologik va ijtimoiy masʼuliyat toʻliq bajarilishi shart. Atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatadigan kimyoviy vositalar ishlatilmasligi, majburiy va bolalar mehnatiga yoʻl qoʻyilmasligi shular jumlasidandir.
“BCT Cluster Agrokompleks” hamda “TST Agro Cluster” paxta-toʻqimachilik klasterlari 2020-yildan buyon dasturning faol ishtirokchilari sifatida bu kabi talab va tamoyillarni toʻliq bajarib kelmoqda.
Klasterlarning “Better Cotton” dasturi boʻyicha bosh koordinatori Inoyat Nurovning aytishicha, dastur talab va tamoyillari klasterlar oldiga qoʻyilgan maqsad-muddaolar bilan mushtarak. Masalan, paxtachilikda atrof-muhit, ekologiyaga salbiy taʼsirlarni kamaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, munosib mehnat sharoitini yaratish — shular jumlasidan. Umuman olganda, klasterda BCI tamoyillarini joriy etish maqsadida oʻquv-amaliy seminar-treninglari oʻtkazilib, ishchi-xodimlar toʻliq oʻqitildi. Oʻzbek tilida maxsus qoʻllanma chop etilib, tarqatildi. Bu kabi tizimli saʼy-harakatlar hisobiga BCI standarti tamoyillari talablari asosida hujjatlashtirish tizimi yaratildi.
Oʻtgan yili “BCT Cluster Agrokompleks” klasterining 5200 gektar, “TST Agro Cluster” klasterining 11 ming gektar ekin maydonida BCI standarti boʻyicha paxta yetishtirishga muvaffaq boʻlindi. U chuqur qayta ishlanib, tayyor mahsulot sifatida sotilishi rejalashtirilgan.
Bir soʻz bilan aytganda, oʻzbek klasterlariga BCI maxsus litsenziyasining berilishi yurtimizda ekologik barqarorlikni taʼminlash, iqlim oʻzgarishlarining salbiy taʼsirini yumshatish, paxta-toʻqimachilik tarmogʻida xalqaro standartlarni samarali joriy etish borasida olib borilayotgan keng koʻlamli ishlarning yuksak eʼtirofidir.