Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen o‘rtasida xavfsizlik sohasida hamkorlik va uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida shartnoma imzolandi. Bu haqda Ukraina rahbari X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Zelenskiyning yozishicha, Daniya Ukrainaga qiruvchi samolyotlar, o‘q-dorilar va simulyatorlar yuboradi. 2024 yilda Daniyaning harbiy yordami kamida 1,8 milliard yevroni tashkil qilishi kutilmoqda.
Prezident so‘zi yakunida Daniyaga ukrain xalqi bilan birdamligi uchun minnatdorlik bildirgan.
Ukraina Prezidenti devoni rahbarining o‘rinbosari Igor Jovkva esa Daniya Kiyev bilan bunday hujjat imzolagan, G7 a’zosi bo‘lmagan birinchi davlatga aylanganini qayd etdi.
«Bugun Lvovda Ukraina Prezidenti va Daniya Bosh vaziri Ukraina va Daniya o‘rtasida xavfsizlik va uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzoladi. Daniyaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi 2023-2028 yillarda davlatimizni qo‘llab-quvvatlash uchun 8,5 milliard yevro ajratdi. Daniya Ukrainaga shartnomaning 10 yillik muddati davomida yordam beradi. Tomonlarning kelishuvi bilan uni uzaytirish mumkin» deb yozgan Jovkva Facebook’dagi sahifasida.
Ta’kidlash joizki, avvalroq Daniya Bosh vaziri mamlakat o‘zining barcha artilleriyasini Ukrainaga topshirishini e’lon qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyi o‘rtalarida Britaniya Kiyev bilan xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risida bitim tuzgan ilk davlat bo‘lgandi. 16-17 fevral kunlari Zelenskiy Germaniya kansleri Olaf Shols va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan ham xavfsizlik majburiyatlari va uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma imzoladi.