Ukrainaga yordam berish masalasi Yevropani ikkiga ajratdi, endi Sharqiy Yevropa davlatlari G‘arbiy Yevropa davlatlariga kamroq ishonadi. Bu haqda manbalariga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ukraina artilleriya snaryadlarini qanday to‘ldirish va ularni qayerdan sotib olish borasidagi bahs Yevropada “chuqurroq bo‘linish”ni yuzaga keltirmoqda, bu esa oxir-oqibatda “o‘chmas iz” qoldirishi va Yevropa integratsiyasi loyihasini xavf ostiga qo‘yishi mumkin.
Manbaga ko‘ra, Sharqiy Yevropa davlatlari G‘arbiy Yevropani Kiyev ehtiyojlariga quloq solmayotganlikda ayblamoqda. Shu bilan birga, “Bloomberg” Rossiya Ukraina mojarosida g‘alaba qozonsa, Sharqiy Yevropa G‘arbiy Yevropani “kechirmasligini” ta’kidlaydi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Estoniya Bosh vaziri Kaya Kallas Ukraina-Rossiya mojarosining cho‘zilishi Prezident Putinning manfaatlariga xizmat qilishini, Ukraina tarafdorlari orasida ziddiyat avj olayotgani va bu siyosatchilar orasida ham, turli mamlakatlar aholisi orasida ham sezilayotganini aytgandi.