Saudiya Arabistonining Madina shahrida “Al-Urz va al-Kabab” nomli birinchi oʻzbek tamaddixonasi ochildi.
Restoran Saudiya Arabistoni aholisi va dunyoning turli burchaklaridan kelgan mehmonlar uchun oʻzbek milliy taomlari, xalqimiz anʼanalari va madaniyati bilan yaqindan tanishish nuqtasiga aylanadi.
Eʼtiborlisi, bu yerda mijozlarga taklif etilayotgan taomlar milliy uslubda ishlagan idishlarga taqdim etilyapti. Restoranning barcha burchaklari maxsus monitorlar bilan jihozlangan boʻlib, ularda xorijlik mehmonlarga mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, shaharlari, urf-odatlari, sayyohlik salohiyati haqidagi videoroliklar namoyish qilinmoqda.
Mazkur majmua Saudiya Arabistonidagi vatandoshlarimiz Abror Akmalov va taniqli oshpaz Bahriddin Chustiy tomonidan tashkil etildi.
Ularning aytishicha, ushbu restoran oʻz mijozlari sonini kengaytirganidan keyin, Jidda va Makkada filial ochish rejalashtirilgan.
Mamlakatimizning Jidda shahridagi Bosh konsulligi xodimlari tadbirkorlarga restoranni targʻibot materiallari bilan taʼminlashga yordam bermoqda.