Qozog‘istonda niqob rejimi joriy qilindi. Bu haqda «Vlasti» nashri xabar berdi.
Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Ayjan Yesmagambetovaning aytishicha, koronavirus bilan kasallanganlar soni 2023 yilning dekabriga nisbatan 2,5 barobarga oshgan. Va bu ko‘rsatkich tobora o‘sib bormoqda.
“Kasallikka chalinganlarni raqamlarda ifodalaganda ularning soni 200 dan 500 nafarga ko‘paygan. Biz, asosan, Ostona (143 ta) va Olmaota (74 ta) shaharlarida kasallanish holati ortganini ko‘ryapmiz”, deydi Yesmagambetova.
Mamlakatda bu haftada 155 ta koronavirusga chalinish holati qayd etilgan. Shu bilan birga, bosh sanitarning bildirishicha, joriy yilda koronavirus bilan kasallanishning o‘sishi O‘RVI va gripp mavsumiga to‘g‘ri kelmoqda.
“Bugungi kunda shifoxonada faqat uch nafar bemor davolanmoqda. Qolganlarning hammasi ambulator davolanishda. Ammo kasallikning og‘irligi, shifoxonaga yotqizilish darajasi, o‘lim bilan bog‘liq vaziyatlar umuman o‘zgarmadi”, deydi vazir o‘rinbosari.
Qozog‘iston hozirda koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha “yashil” zonada. Biroq, fevral oyida O‘RVI va grippning ikkinchi to‘lqini boshlanishi kutilmoqda.
Bildirilishicha, infeksiya, xususan, qizamiq va koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida mamlakatdagi jamoat joylarida niqob taqish tartibi joriy qilingan.
“Viloyatlar, Olmaota, Ostona, Chimkent shaharlari sog‘liqni saqlash boshqarmalari, shuningdek, Sanitariya-epidemiologiya nazorati qo‘mitasining hududiy boshqarmalari boshliqlari jamoat tashkilotlarida tibbiy niqoblardan foydalanish va antiseptik vositalar mavjudligini ta’minlashi lozim. Hokimliklar aholi gavjum joylarda (aeroportlar, vokzallar, avtovokzallar, bozorlar, savdo-ko‘ngilochar markazlari, savdo uylari, teatrlar, kinoteatrlar, davlat xizmatlari markazlari, banklar va boshqalar) barcha transport turlarida niqob taqishni tavsiya qiladi”, deyiladi xabarda.