Uzoq kutilgan xabarni qator ishonchli manbalar tasdiqlamoqda.
Kilian Mbappening Parijdan Madridga o‘tish-o‘tmasligi bo‘yicha bir necha yildan buyon davom etayotgan futbol seriali poyoniga yetmoqda. Fransuz futbolchisi kelajagi borasida bir qarorga kelgan. «PSJ» bilan shartnomasi muddati joriy mavsum oxirida tugaydigan 25 yoshli forvard baribir orzusidagi jamoaga o‘tadigan bo‘lmoqda. Bu ma’lumot ham Ispaniyadagi, ham Ispaniyadagi son-sanoqsiz manbalar tomonidan tarqatilmoqda.
Parij klubiga yaqin hisoblangan Le Parisien gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, Mbappe erkin agent maqomida «Real»ga o‘tish qaroriga kelgan va bu haqda allaqachon «PSJ» rahbariyatiga ham ma’lum qilgan. U Fransiya chempioni bilan kelishuvni uzaytirmaydi. Futbol olamidagi eng katta insayder Fabritsio Romano ham transferga tayyorlik ko‘rilayotgani haqidagi ma’lumotni tasdiqlagan.
«Madridning «Real» klubi sahna ortida qattiq ish olib bormoqda va Mbappe bilan shartnoma imzolash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazmoqda. «Real» bu ishni boshlagan», – deya yozgan Romano ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida.
Ispaniyadagi Relevo nashriga ko‘ra, «qaymoqranglilar» prezidenti Florentino Peres Mbappe transferi orqali moliyaviy qiyinchilikka uchragan va yangi futbolchilarni o‘ziga jalb eta olmayotgan «Barselona»ga zarba bermoqchi. Peres ta’mirlanayotgan «Santiyago Bernabeu» stadioni qaytadan ochilishini yangi «galaktikos» bilan nishonlashni niyat qilgan.
Madriddagi Marca nashri ma’lumotiga ko‘ra, Mbappe fevral oyidayoq «PSJ» ketishi haqida e’lon qiladi. Liga 1 telehuquqlari sotilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaslik uchun bu hozircha kechikayotgani aytilgan. «Real» klubi matbuot xizmati 2 fevral kuni Kilianning kelishining anonsi deb hisoblash mumkin bo‘lgan videoni namoyish etgandi. Bu videoda sana va «yangi» so‘zi aks etgandi.
OAVda «Real»ning Mbappe bilan kelishuviga oid ayrim tafsilotlar paydo bo‘lgan. ESPN ma’lumotiga ko‘ra, madridliklar klubi Kilianga Vinisius Junior va Jud Bellinghemga qaraganda ko‘proq to‘lamoqchi emas. «Real»ning bu yulduzlari hozirda yiliga 10,5 mln yevro atrofida ishlab topadi. Germaniyadagi Bild nashri esa bir necha kun muqaddam o‘z insaydini tarqatgandi: unga ko‘ra, Mbappe yiliga 70 mln yevro miqdorida maosh so‘ragan, Peres esa yiliga 35 mln yevrodan ortiq (soliqlardan tashqari) to‘lay olmasligini bildirgan. Bundan tashqari, Kilianning oilasi bonus va futbolchining agenti sanalgan onasiga mukofot puli sifatida 100-125 mln yevro olishni ko‘zlagan. Bunday holatda forvard «Real»ga jami 450 mln yevroga tushadi.
Nihoyat, L’Équipe xabariga ko‘ra, «Real» Mbappega dedlayn qo‘ymagan, ammo 2022 yildagi holat takrorlanmasligi uchun forvard tezroq qabul qilishini istaydi. Kilian bunga rozi bo‘lmagan taqdirda, madridliklar klubi asosiy e’tiborini boshqa hujumchilarga, birinchi navbatda «Manchester Siti»dan Erling Holandni transfer qilishga qaratgan bo‘lardi. Mbappedan xat orqali rozilik kafolati, tabiiyki dastlabki shartnomani imzolash so‘ralmoqda.
Bu vaqtda Mbappe «Real»ga 2024 yil yozida o‘tayotganini tasdiqlayotgan ESPN qiziqarli tafsilotlar bilan bo‘lishgan. Manbaga ko‘ra, Kilian «PSJ»dan moliyaviy jihatdan yaxshilangan yangi shartnoma bo‘yicha taklif olgan, shunga qaramay, Madridga o‘tish uchun buni rad etgan. Amaldagi shartnomaga ko‘ra, forvardning yillik maoshi miqdori 72 mln yevroni tashkil etadi. Parijliklar klubini tark etish orqali Mbappe uning kelishuvida sodiqlik uchun bonus sifatida belgilangan 100 mln yevrodan ham mahrum bo‘ladi. Shu bilan birga, Kilian yaqin vaqtlarga qadar «PSJ» rahbariyatiga «Real» taklifini qabul qilish qarori haqida aytmagan, shuning uchun Fransiya chempionlari ikki ehtimoliy ssenariyni ishlab chiqishgan – futbolchi ketishi yoki qolishi ehtimoli hisobga olingan holda.
Mbappe yanvar oyi o‘rtalarida o‘z kelajagi borasidagi savolga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob berishdan qochgandi. «Men o‘z faoliyatimni o‘z yo‘limda davom ettirish haqida o‘ylayapman», – degandi u. Aftidan, fransiyalik futbolchi o‘zining keyingi qadami qanday bo‘lishini aniq biladi.
Mbappe allaqachon 25 yoshda va hali biror marta «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritmadi va so‘nggi yillarda bu nufuzli mukofotdan uzoqlashdi va Holanddan ham ortda qola boshladi. Holbuki Kilian katta shov-shuvlar bilan «PSJ» transfer bo‘lganida u haqda deyarli hech kim bilmasdi. Hozirda esa ko‘pchilik mukofot uchun Jud Bellinghemni asosiy da’vogar sifatida ko‘rmoqda, u o‘tgan mavsumda bundesligada ham asosiy yulduz emasdi. O‘z vaqtida salohiyati bilan Ronaldu va Messiga tenglashtirilgan fransuz endi vaziyatni o‘zgartirishga zarurat sezmoqda.
Kilian nihoyat YeChLda g‘alaba qozonishi va samaradorlik bo‘yicha rekordlarni yangilashi uchun hozirda «Real»da barcha sharoitlar muhayyo: Anchelotti kiyim almashtirish xonasida ajoyib muhit yaratgan, Benzema ketgach esa hujum markazi bo‘shagan, Tshuameni, Valverde va Kamavinga maydon markazida Modrich va Kroosning o‘rnini egallashmoqda, hujum chizig‘i Bellinghem, Vinisius Junior va Rodrigo kabi katta salohiyatga ega futbolchilar bilan qo‘llab-quvvatlanadi. Vini va Mbappega bir vaqtning o‘zida joy topib berish muammosi ham bor (ularning ikkisi ham hujumning chap qanotida o‘ynashadi), ammo bu bosh murabbiy uchun yoqimli bosh og‘rig‘i sanaladi.
Spors Zone ma’lumotiga ko‘ra, «Real» Kilianga hozirda Luka Modrichga tegishli bo‘lgan 10-raqamni taklif etgan. Xorvatiyalik futbolchi klub bilan shartnomasini uzaytirmaslikka qaror qilgan va mavsum yakunida Saudiya Arabistoni klublaridan biriga o‘tishi mumkin.
Avvalroq Metro Vinisius Junior Mbappening kelishiga qarshi ekani va u kelgan taqdirda hujumning chap qanotidagi o‘rnini yo‘qotib qo‘yishidan xavotirlanayotgani va o‘zini transferga qo‘yishni so‘rashi haqida xabarlar tarqatgandi, Sky Spors ma’lumotiga ko‘ra unga «Manchester Yunayted»dan qiziqish mavjud, inglizlar klubi braziliyalikning transferi uchun 135 mln funt to‘lashga tayyor.
Ammo «Real» Vinisius Junior bilan ham, Jud Bellinghem bilan ham xayrlashmoqchi emas. Marca xabariga ko‘ra, klub uchala yulduzga ham maydonda bir vaqtning o‘zida joy topib bermoqchi.