Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti — FAOning Yevropa va Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish bilan bog‘liq holat haqidagi hisobotini tahlil qildi.
2020-2022 yillarda Markaziy Osiyoda to‘yib ovqatlanmaslik bilan bog‘liq holatlar 3,0 foizgacha kamaygan (jahon miqyosidagi o‘rtacha ko‘rsatkich — 9,2 foiz). Xususan, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 2020-2022 yillarda 2,5 foizdan past bo‘lgan.
2022-yilda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq vaziyatning keskinlashuvi Markaziy Osiyo aholisining 4,6 foiziga dahl qildi (dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 11,3 foiz). Bu 2021-yil ko‘rsatkichiga nisbatan 0,4 foiz punktiga past, lekin 2019-yilda COVID-19 pandemiyasi boshlanishidan oldin qayd etilgan 2,3 foizlik darajadan yuqori.
2022-yilda Markaziy Osiyoda 3,5 million kishi oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq og‘ir ahvolga tushib qolgan. Bu 2021-yildagiga nisbatan 0,3 million kishiga kam.
2022-yilda Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligining ta’minlanishi o‘rtamiyona yoki og‘ir ahvolda ekanligini aks ettiruvchi* o‘rtacha ko‘rsatkich 17,4 foiz (dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 29,6 foizga teng) ni tashkil etdi. Bu esa 2021-yildagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2,7 foiz punktiga past.
FAO hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022-yilda Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligining ta’minlanishi o‘rtamiyona yoki og‘ir bo‘lgan sharoitga tushib qolganlar soni 13,4 million kishini tashkil etdi. Bu 2021-yildagiga nisbatan 1,9 million nafarga kam.
2022-yilda Markaziy Osiyoda 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida bo‘y o‘sishida ortda qolish ko‘rsatkichi 7,7 foizni tashkil etdi. Bu 2020-yildagiga nisbatan 0,9 foiz punktiga, 2000-yildagi (28,0 foiz) ga nisbatan esa 20,3 foiz punktiga kam. Xususan, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 2000-yildagi 28,9 foizdan 2022-yilda 6,9 foizga kamaygan.
Umuman Markaziy Osiyoda 15 yoshdan 49 yoshgacha bo‘lgan ayollar o‘rtasida kamqonlikning tarqalishi 12,3 foiz punktiga kamaydi – 2000-yildagi 40,4 foizdan 2019-yilda 28,1 foizgacha. O‘zbekistonda ham kamqonlikning tarqalishini kamaytirish borasida muayyan yutuqlarga erishildi. Shunday qilib, 2000-yildan 2019-yilgacha bo‘lgan davrda bu ko‘rsatkich 21,7 foiz punktiga kamaydi (46,5 foizdan 24,8 foizgacha).
* Oziq-ovqat xavfsizligining o‘rtamiyona ta’minlanishi — bu odamlar zarur oziq-ovqat mahsulotlarini olishga ishonchini yo‘qotadigan va pul yoki boshqa resurslar yetishmasligi sababli yil davomida iste’mol qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlari sifati va miqdorini ba’zan kamaytirishga majbur bo‘ladigan holat.
Oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi og‘ir ahvolda ekanligi odamlarda oziq-ovqat mahsulotlarining tugashi, ularning ocharchilikni boshdan kechirishi va eng yomon holatda o‘z salomatligi va hayotini xatarga qo‘yib, ketma-ket bir necha kun mobaynida ovqatlanmasligini anglatadi.