Donald Trampning asosiy raqibi AQSh prezidentlik saylovlarida ishtirok etishdan bosh tortishini ma’lum qildi. Respublikachilar partiyasi praymerizlarida sobiq prezidentning yagona raqibi Nikki Xeyli bo‘lib qolmoqda.
Tramp Respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lish uchun o‘zining asosiy raqobatchisi deb atagan Florida gubernatori Ron Desantis 21 yanvar, yakshanba kuni AQSh prezidentligi saylovlarida ishtirok etishdan bosh tortishini ma’lum qildi. U Donald Trampni qo‘llab-quvvatlagan.
Desantis: bizda g‘alaba sari aniq yo‘l yo‘q
Desantis o‘z qarorini harakatlari «istalgan natijaga» olib kelmasligi bilan izohladi. «Bizni qo‘llab-quvvatlayotgan odamlardan g‘alaba sari aniq yo‘l bo‘lmasa, o‘z vaqtlarini va resurslarini ajratishlarini so‘ray olmayman. Bugun men saylovoldi kampaniyam to‘xtatilganini e’lon qilaman», — dedi u X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan videomurojaatida. Videoda u Uinston Cherchilldan iqtibos keltirgan: «Muvaffaqiyat yakuniy emas, muvaffaqiyatsizlik halokatli emas: asosiysi — davom etish uchun jasorat».
«Respublikachilar partiyasi bo‘yicha praymeriz qatnashchilarining aksariyati Donald Trampga yana bir imkoniyat berishni xohlayotgani aniq. U bilan kelishmovchiliklarim bo‘lgan bo‘lsa-da, Tramp amaldagi prezident Jo Baydendan ustunroq. Men respublikachi nomzodni qo‘llab-quvvatlashga va’da berdim va buni qilaman. Trampni qo‘llab-quvvatlayman, chunki biz o‘tgan yillardagi respublikachilarning sobiq gvardiyasi yoki Nikki Xeyli vakili bo‘lgan qizg‘in korporatizmning qayta qadoqlangan shakliga qaytolmaymiz», dedi u.
Bloomberg: Desantis homiylarining maqsadi — 2028 yil
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, 45 yoshli Desantisning saylovoldi kampaniyasi ba’zi donorlari uning siyosiy kapitalini saqlab qolishni va 2028 yilda, Tramp saylov byulletenida bo‘lmagan paytda yana prezidentlikka nomzodini qo‘yishini istayapti.
Respublikachilar partiyasining praymerizlarida hozir ikki nomzod – 45-prezident Donald Tramp va AQShning BMTdagi sobiq elchisi hamda Janubiy Karolina sobiq gubernatori Nikki Xeyli ishtirok etmoqda. Ayova shtatida 15 yanvar kuni boshlangan Respublikachilar partiyasining dastlabki saylovlarida Tramp — 20 ta, Desantis — 8 ta va Xeyli 7 ta ovoz oldi.