Iqtisodiyotimizni yangi bosqichga olib chiqish uchun, eksportni yiliga kamida 30 foizga oshirib borishimiz zarur
— dedi Prezident.
Lekin, o‘tgan yili 2 ta drayver tarmoq va 4 ta hududda 2022 yilga nisbatan eksport hajmlari kamaydi. Shuningdek, 10 ta tuman va shaharda eksport oldingi yil ko‘rsatkichini yarmiga ham yetmadi.
Shu munosabat bilan Bosh vazirga Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari hokimining investisiya bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda 10 ta tuman va shahar hokimiga nisbatan intizomiy chora ko‘rish topshirildi.
Meva-sabzavot eksporti uchun xorijiy davlatlarning fitosanitar ruxsatlari olinganiga qaramasdan, ulardan to‘liq foydalanilmayapti. Masalan, Yaponiyaga 58 turdagi meva-sabzavotga fitosanitar ruxsat olingani bilan, 52 turi bo‘yicha, Hindistonga 38 tadan 32 tasi, Pokistonga 22 tadan 18 tasi, AQSHga 15 tadan 11 tasi bo‘yicha eksport bo‘lmadi.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi va hokimlarning investisiya bo‘yicha o‘rinbosarlari o‘rtasida mahsulotlar eksportini tashkil qilish bo‘yicha hamkorlik yo‘qligi tanqid qilindi. Endilikda agentlik nafaqat fitosanitar ruxsat olish, balki qishloq xo‘jaligi eksportini tashkillashtirish uchun ham mas’ul bo‘ladi. Buning uchun karantin tizimi, ish uslubi va yondashuvlari to‘liq o‘zgaradi.