Oʻzbekiston davlat tashkilotlari xodimlari Malayziya texnik hamkorlik dasturi (MTCP) doirasida Kuala-Lumpur shahrida tashkil etilgan maxsus oʻquv kursini muvaffaqiyatli tamomladi.
22-30-aprel kunlari boʻlib oʻtgan oʻquvlar Malayziya Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatiya va tashqi aloqalar instituti tomonidan ilk bor Markaziy Osiyo davlatlari vakillari uchun tashkil qilindi.
Unda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlaridan vakillar qatnashdi.
Oʻquv mashgʻulotlari iqtisodiy diplomatiya, xalqaro munosabatlar, ikki va koʻp tomonlama hamkorlik, xalqaro muzokaralar, inqirozlarni boshqarish, ijodiy iqtisodiyot kabi mavzularni qamrab oldi.
Tadbirlar doirasida Oʻzbekistonda barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, mamlakatning investitsiyaviy va turizm salohiyati boʻyicha taqdimotlar oʻtkazildi.
Mazkur kurs joriy yildagi respublika vakillari uchun Malayziyada tashkil etilgan ilk oʻquv dasturidir. Bugungi kunga qadar MTCP kurslarida 816 nafar oʻzbekistonlik mutaxassislar malaka oshirgan.
Malayziya texnik hamkorlik dasturi rivojlanayotgan hamkor mamlakatlarda inson kapitalini rivojlantirish maqsadida 1980-yilda tashkil etilgan. Dastur Malayziya TIV tasarrufida faoliyat yuritadi. Texnik koʻmak doirasida davlat idoralari va oliy taʼlim muassasalari vakillari uchun turli yoʻnalishlarda oʻquv va malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
Diplomatiya va tashqi aloqalar instituti 1991-yilda tashkil topgan. Institutning asosiy vazifasi Malayziya diplomatlari, xalqaro va mahalliy mutaxassislar uchun diplomatiyaning turli yoʻnalishlari boʻyicha malakasini oshirishdan iborat.