Samarqand davlat tibbiyot universiteti (SamDTU) bir qator xorijiy oliy taʼlim muassasalari, jumladan, Abu Ali ibn Sino nomidagi Tojik davlat tibbiyot universiteti bilan ham hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan. Ana shu hamkorlik doirasida Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayev Tojik davlat tibbiyot universitetiga tashrif buyurdi.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti Matbuot xizmati xabariga koʻra, tashrif davomida Jasur Rizayev boshchiligidagi delegatsiya Tojik davlat tibbiyot universitetida yaratilgan sharoitlar, taʼlim tizimi, laboratoriya va oʻquv faoliyati bilan yaqindan tanishdi, yosh olimlar va talabalarning «Yoshlar va tibbiyot innovatsiyasi: ertangi kunni qurish» mavzusida oʻtkazilgan XIX ilmiy-amaliy konferensiyasida ishtirok etdi.
Tashrif doirasida Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayevga Tojik davlat tibbiyot universiteti «Faxriy professori» unvoni topshirildi.
Qayd etilishicha, SamDTU delegatsiyasining Tojik davlat tibbiyot universitetiga tashrifi ikki oliygoh oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarining yangi bosqichga koʻtarilishiga zamin yaratadi.