Toshkent shahrining Sergeli tumani hududidan oqib oʻtuvchi Chirchiq daryosining qirgʻoqboʻyi hududida qum-shagʻal aralashmasi noqonuniy qazib olindi. Bu haqda Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Ekologik nazorat inspeksiyasi tomonidan Toshkent shahri, Sergeli tumani hududidan oqib oʻtuvchi Chirchiq daryosi boʻyida navbatdagi reyd tadbirlari olib borildi.
Reyd davomida daryoning muhofaza mintaqasida 1 dona ekskavator va 2 dona yuk mashinasi yordamida qum-shagʻal qazib olinib, oʻrniga qurilish beton qoldiqlari joylashtirilayotganligi aniqlandi va transport vositalari voqea joyida toʻxtatildi.
Oʻrganish davomida bu ishlar “GRM” MCHJga (korxona nomi qisqartirilgan) tegishli texnikalar yordamida hech qanday ruxsatnomasiz amalga oshirilayotganligi aniqlandi.
Maʼlum boʻlishicha, Sergeli tumani hokimining 2019-yil 26-avgustdagi farmoyishiga asosan Sergeli tumani, Quruvchi dahasi, 25-uyda joylashgan 2,26 gektar yer maydoni obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish maqsadida “GRM” MCHJga biriktirib berilgan. Farmoyishning 3-bandida mazkur hududda daraxt va gul koʻchatlarini ekish belgilanib, 4-bandida biriktirilgan hududda qurilish va boshqa chiqindilarni joylashtirish javobgarlikka sabab boʻlishi toʻgʻrisida ogohlantirilgan.
Farmoyish talablariga amal qilinmaganligi natijasida Oʻzbekiston Respublikasi “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonunining 22-moddasi hamda “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi qonunning 41-moddasi talablari buzilgan. Tabiatga qum-shagʻal qazib olinishi natijasida 21,4 milliard, chiqindilar noqonuniy joylashtirilishi natijasida esa 112,5 million soʻmga yaqin zarar yetkazilgan.
Bundan tashqari, Bosh prokuratura xatiga asosan Toshkent shahri, Sergeli tumanidan oqib oʻtuvchi Chirchiq daryosining boshqa bir qismida ham oʻrganish ishlari olib borildi. Natijada daryoning muhofaza zonasi va qirgʻoq boʻyida taxminan 4 gektarga yaqin maydonda qazish ishlari amalga oshirilganligi maʼlum boʻldi. Tabiatga yetkazilgan zarar miqdori esa qariyb 62,3 milliard soʻmni tashkil qildi.
Yuqoridagi har ikki holatga huquqiy baho berish, aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy chora koʻrish va tabiatga yetkazilgan zararni undirish maqsadida barcha hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborildi.