Armaniston va Ozarbayjon Qozogʻistonda muzokaralar oʻtkazadi. Bu haqda Qozogʻiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Aybek Smadiyarov aytib oʻtdi.
«Ozarbayjon va Armaniston tashqi ishlar vazirlari oʻrtasidagi muzokaralar Olmaotada boʻlib oʻtadi. Har ikki tomon oʻz ishtirokini tasdiqladi. Tadbir sanasi qoʻshimcha ravishda eʼlon qilinadi», — dedi Smadiyarov.
Qozogʻiston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev yaqinda Boku va Yerevanga qilgan tashrifi chogʻida tomonlarga muzokaralar uchun platforma taklif qilgan edi.
Bundan avval Smadiyarov Armaniston va Ozarbayjon tashqi ishlar vazirlarining Qozogʻistondagi uchrashuvi ularning vositachi sifatidagi vakillari ishtirokisiz oʻtishini aytgan edi.
29-aprel kuni Armaniston tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ani Badalyan Qozogʻistonda Armaniston va Ozarbayjon tashqi ishlar vazirlari darajasidagi uchrashuv boʻyicha kelishuvga erishilganini maʼlum qilgandi.