Prezident farmoni bilan:
2024-yil 1-iyundan boshlab “Xorijda ish” mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida roʻyxatdan oʻtgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga:
— xorijiy tillar va kasb boʻyicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun BHMning 3 baravarigacha;
— “Ishchi viza”ni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlar uchun BHMning 5 baravarigacha;
— Yoʻl chiptasi uchun BHMning 2 baravarigacha miqdorda kompensatsiya toʻlanadi.
2024-yil 1-sentyabrga qadar xorijda vaqtincha ishlayotgan yurtdoshlarimizga yordam koʻrsatish uchun tunu kun ishlaydigan Call-markaz tashkil etiladi. Chet eldan chiquvchi abonentlar uchun qoʻngʻiroqlarni bepul amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
2024-2025-yillarda Buyuk Britaniyada (London), Germaniyada (Berlin), Turkiyada (Istanbul) va Saudiya Arabistonida (Ar-Riyod) Agentlikning vakolatxonlarini ochish rejalashtirilmoqda. Buyuk Britaniya, BAA, Vengriya, Germaniya, Latviya, Polsha hamda Yaponiya davlatlaridagi diplomatik va konsullik muassasalarida mehnat migratsiyasi masalalari boʻyicha attashe lavozimi kiritiladi.
2024-yil 1-iyuldan boshlab xususiy bandlik agentliklariga xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida boʻlgan shaxslarga chet elda ishga joylashtirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatganlik uchun haq undirishga ruxsat beriladi. Bunda xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida boʻlgan fuqarolar tomonidan toʻlanadigan mablagʻlar tijorat banklarida ochilgan maxsus hisobvaraqda saqlanadi. Xususiy bandlik agentligi shartnoma majburiyatlarini toʻliq bajarganidan soʻng uning hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
2024-yil 1-iyundan boshlab xorijda ishlab qaytgan shaxslarni ishga olgan ish beruvchilarga har bir xodim uchun 12 oy davomida oyiga 500 ming soʻmdan subsidiya toʻlanadi.