Komiljon Mullajonov Sayxunobod tumaniga hokim etib tayinlandi. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimligi ma’lum qildi.
Sayxunobod tumanining oldingi hokimi Anvar Karimov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi. Bugunga qadar “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki Sirdaryo viloyati mintaqaviy filiali boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelgan Komiljon Husan o‘g‘li Mullajonov tumanga hokim etib tayinlandi.
Anvar Karimovning qaysi lavozimga o‘tgani hozircha noma’lum. U 2023 yilning oktyabr oyi oxirida Sayxunobod tumani hokimi etib tayinlangan.
Ma’lumot uchun, Komiljon Mullajonov 1990 yilda Sayxunobod tumanida tug‘ilgan. 2012 yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2017 yil Bank-moliya akademiyasini tamomlagan. U faoliyati davomida “O‘zsanoatqurilishbank” ochiq aksiyadorlik-tijorat banki bosh mutaxassisi, bo‘lim boshlig‘i, bankning Sirdaryo mintaqaviy filiali boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Xalq banki Sirdaryo viloyati filiali boshlig‘i sifatida ishlab kelayotgan Abdurahim Umarov Sirdaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangandi.