Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari 2023-yilning yanvar-dekabr oylari mobaynida hududlarda asosiy kapitalga investisiyalar hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar va kreditlarni jalb qilish samaradorligini tahlil qildi.
Tahlil davomida IPI (Investment Perfomance Index – Investisiyalarni jalb qilish samaradorligi indeksi) indeksidan foydalanildi. Ushbu indeks hududlarga kiritilayotgan investisiyalar hajmi hududning respublika taraqqiyotiga qo‘shayotgan ulushiga qanchalik mos ekanligini ko‘rsatadi. IPI indeksi uchun me’yordagi ko‘rsatkich 1,00 ga teng va bu hududning barqaror rivojlanishi uchun investisiyalarni jalb qilish siyosati yaxshi yo‘lga qo‘yilganini anglatadi.
2023-yilning yanvar-dekabr oylarida Respublika bo‘yicha asosiy kapitalga investisiyalar hajmi 352,1 trln. so‘mga yetgan. Bu 2022-yildagiga qaraganda 22,1 foiz ko‘p. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiya va kreditlar hajmi 58,9 foiz oshgan va 167,7 trln. so‘mga teng bo‘lgan.
Shunga qaramasdan, hududlar miqyosida investisiyalarning taqsimlanishida tafovutlar saqlanib qolmoqda. Masalan, asosiy kapitalga investisiyalar hajmi bo‘yicha respublika miqyosidagi yuqori va quyi o‘rinlarni egallagan uch hudud qiymatlari orasidagi farq 2023-yilning yanvar-dekabr oylarida qariyb 3,7 baravarni, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar va kreditlar bo‘yicha esa 2,9 baravarni tashkil etdi.
2023-yilning yanvar-dekabr oylari ma’lumotlari asosida hisoblangan IPI indeksiga ko‘ra, quyidagilar aniqlandi:
Asosiy kapitalga investisiyalar bo‘yicha aksariyat hududlarda me’yor ko‘rsatkichga qaraganda yuqori qiymatlar qayd etildi. Bu borada Sirdaryo (2,16) va Buxoro (1,78) viloyatlari yaqqol ajralib turmoqda. Bunga investorlar uchun yangi imkoniyatlarning yaratilishi hamda strategik ahamiyatga ega mega loyihalarning vaqtinchalik ta’sirini sabab sifatida keltirish mumkin. Xorazm (0,99) va Navoiy (0,96) viloyatlarida me’yordagi ko‘rsatkichga yaqin qiymatlar qayd etildi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar va kreditlar bo‘yicha Andijon (1,00) viloyatida IPI indeksi me’yor ko‘rsatkichni qayd etgan bo‘lsa, Sirdaryo (3,69) va Buxoro (2,20) viloyatlarida me’yordagidan ancha yuqori natija kuzatildi. Yuqori indeks qiymati viloyatlarga kiritilayotgan xorijiy investisiyalardan yanada samarali foydalanish imkoniyatlari mavjudligini ko‘rsatadi.
Toshkent shahrida (0,60) indeks 1 dan ancha past bo‘ldi. Bu esa ushbu hududga xorijiy investisiyalarni jalb qilishga ko‘proq e’tibor qaratish lozimligidan dalolat beradi.
Shuningdek, tadqiqot davrida qayd etilgan ko‘rsatkichlarni 2023-yilning 9 ойи натижалари (https://t.me/ifmr_public/4659) bilan taqqoslash asosida quyidagilar aniqlandi:
2023-yilning to‘rtinchi choragida uchinchi chorakdagiga nisbatan asosiy kapitalga investisiyalar IPI indeksi bo‘yicha eng yaxshi natija Xorazm (0,14 punkt) va Samarqand (0,11 punkt) viloyatlarida kuzatildi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar IPI indeksi bo‘yicha Sirdaryo (0,24 punkt) va Andijon (0,20 punkt) viloyatlari boshqa hududlarga nisbatan eng yaxshi natijalarni qayd etdi.
Ta’kidlash kerakki, IPI indeksi hududlar miqyosida investisiyalarning miqdor ko‘rsatkichlari asosida tahlil qilingan bo‘lib, ularning sifat ko‘rsatkichlarini anglatmaydi.