Joriy yilning 1-mart kuni Xitoy Xalq Respublikasining Qashgʻar shahrida Oʻzbekiston – Xitoy – Qirgʻiziston hukumatlari delegatsiyalarining uch tomonlama uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Qirgʻiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi Aqilbek Japarov, Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi Siyosiy byurosi aʼzosi, Shinjon-Uygʻur avtonom rayoni Partqoʻmi kotibi Ma Sinjuy ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, Xitoy Xalq Respublikasi va Qirgʻiz Respublikasi Oʻzbekiston Respublikasining muhim iqtisodiy hamkorlari hisoblanadi.
Mamlakatimizning Xitoy va Qirgʻiziston bilan tovar ayirboshlash hajmi yildan yilga oʻsib bormoqda.
Xitoy va qirgʻizistonlik hamkorlarimiz bilan birgalikda transport-logistika, energetika, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xoʻjaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida salmoqli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasida qurilishi rejalashtirilgan “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻl liniyasi mintaqamizni Xitoy bilan bogʻlaydigan eng qisqa muqobil yoʻl ekani qayd etildi.
“Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻl liniyasini qurish va undan foydalanish uchun qoʻshma korxona tashkil etish taklifi qoʻllab-quvvatlandi.
Oʻzbekiston tomoni, Xitoydan Qirgʻiziston va mamlakatimiz hududi orqali multimodal transportni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi.
Shuningdek, “Irkeshtom” nazorat-oʻtkazish punkti faoliyatini yanada takomillashtirish, qulay shart-sharoitlar yaratish, oʻtkazish imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha tegishli choralar koʻrishga kelishib olindi.
Uchrashuvda tomonlar joriy yilda “Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston” temir yoʻl liniyasini qurish yuzasidan amaliy ishlarni boshlash muhimligini qayd etdi.
Uch tomonlama muzokaralardan soʻng, delegatsiyalar rahbarlari “Ulugʻchat” bojxona terminali va “Irkeshtom” nazorat-oʻtkazish punkti faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Umuman, Oʻzbekiston delegatsiyasining Xitoyga tashrifi doirasida “Qashgʻar iqtisodiy va texnologik rivojlanish zonasi” faoliyati bilan yaqindan tanishildi, bir qator yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazildi.