Angrendagi bog‘chada 2 yashar bola kuyib qoldi

Angrendagi bog‘chada 2 yashar bola kuyib qoldi

Toshkent viloyati Angren shahridagi xususiy bog‘chada 10 fevral kuni ikki yashar bola kuyib qoldi. Bu haqda shahar hokimligi rasmiy ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, “Navro‘z -1” mahallasidagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga mo‘ljallanayotgan uylarning birida 10 fevral kuni soat 14:00 larda kuyish holati sodir bo‘lgan.

Bolaning onasi yaqin tanishi bo‘lgan, xonadon a’zosi Muhabbat D.ga ishga chiqishini ma’lum qilib, o‘zining roziligi bilan bir yosh sakkiz oylik bo‘lgan farzandini qarab turishini iltimos qilgan va ular o‘zaro kelishgandan so‘ng bolani unga olib kelib topshirgan. Muhabbat D. bolaga qaragan. Uning aytishicha, kuyish ehtiyotsizlik oqibatida ro‘y bergan va bu to‘g‘risida bolaning oilasiga xabar berilgan.

“Ayni vaqtda bemor bola, shahar markaziy  shifoxonasida shifokorlar nazorati ostida davolanmoqda. Umumiy tananing sakkiz foizi kuygan. Besh kun davomida qilingan muolajalar natijasida bolaning umumiy ahvoli yaxshilandi. Hozirgi kunda bola dinamikasi, harakati qoniqarli, standart davo buyurilgan”, deydi Angren shahri tibbiyot birlashmasi bosh shifokori F.Imonov.

Shuningdek, Angren shahar hokimi bemor bola va uning onasidan xabar olgan. Onaning murojaatini tinglagan.

Angren shahar Ichki ishlar bo‘limi ma’muriyatining bergan ma’lumotiga ko‘ra, bolaning kuyish holati yuzasidan hozirda tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.