Rossiya Ukrainadagi “maxsus harbiy operatsiya” tufayli 1,3 trillion dollar yoʻqotadi. Hozirgacha Rossiya “maxsus harbiy operatsiya”ga 211 milliard AQSH dollari sarflagan. Ushbu daʼvolarni AQSH Mudofaa vazirligining yuqori martabali rasmiysi aytib oʻtdi.
“Rossiya Ukrainadagi “maxsus harbiy operatsiya” taʼminoti, joylashtirish va qoʻllab-quvvatlash xarajatlarini toʻgʻridan-toʻgʻri moliyalashtirish uchun 211 milliard AQSH dollari sarflagan boʻlishi mumkin”, dedi u jurnalistlarga.
“Iqtisodiy oʻsishning boy berilishi nuqtayi nazaridan, mojaro Rossiyaga 1,3 trillion dollarga tushadi”, deya qoʻshimcha qildi AQSH Mudofaa vazirligi rasmiysi.
Rossiya 2022-yilning 24-fevral kuni Ukrainaga qarshi “maxsus harbiy operatsiya” boshladi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin uning maqsadini “sakkiz yil davomida Kiyev rejimi tomonidan zoʻravonlik va genotsidga uchragan odamlarni himoya qilish” deb atadi.