Senat Raisi Betaraflik do‘stlari guruhiga aʼzo mamlakatlar parlamentlari rahbarlarining birinchi uchrashuvida ishtirok etdi

Senat Raisi Betaraflik do‘stlari guruhiga aʼzo mamlakatlar parlamentlari rahbarlarining birinchi uchrashuvida ishtirok etdi

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Betaraflik do‘stlari guruhiga aʼzo mamlakatlar parlamentlari rahbarlarining birinchi uchrashuvida ishtirok etdi. Videokonferensaloqa formatidagi tadbir Turkmaniston Milliy Kengashi Majlisi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, tinchlik va muloqotni mustahkamlashda parlament hamkorligining o‘rniga bag‘ishlandi.

Shuningdek, forumda turli mamlakatlar parlamentlari spikerlari, xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.

Maʼlumot o‘rnida taʼkidlash lozim, tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yo‘lida “Betaraflik do‘stlari” guruhi Turkmaniston tashabbusi bilan tuzilgan BMTga aʼzo davlatlarning norasmiy birlashmasi hisoblanadi.

Tadbirda Betaraflik do‘stlari guruhi tinchlikni mustahkamlash yo‘lida ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani, ayni vaqtda parlament aʼzolari qonun chiqaruvchilar sifatida tinchlik yo‘li bilan yechim topish, barqaror rivojlanish va global xavfsizlikni taʼminlashda muhim rol o‘ynayshi taʼkidlab o‘tildi.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva o‘z nutqida hozirgi kunda tobora kuchayib borayotgan tahdidlar sharoitida ishonch va hamjihatlikni mustahkamlash zarurati ortib borayotganini taʼkidladi. Ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni har tomonlama taʼminlash va mamlakatlar o‘rtasidagi tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish xalqaro miqyosdagi keng ko‘lamli hamkorlikning asosiy vazifalariga aylanib borayotganiga eʼtibor qaratdi.

– Biz bugungi uchrashuvimizni parlamentlarning ko‘p tomonlama formatdagi amaliy hamkorligiga qo‘shimcha sifatida hamda ularning mamlakatlarimiz barqarorligi va farovonligi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan tinchlik va muloqotni mustahkamlash borasidagi eng muhim masalalarni muhokama qilishga jalb etish vositasi sifatida qaraymiz, – deya, qayd etdi Senat Raisi.

Ishtirokchilar parlamentlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishni davom ettirish muhimligini qayd etib, bu kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha mutanosib qarorlar shakllantirish va do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilishiga urg‘u berdilar.

Tadbir so‘ngida Betaraflik do‘stlari guruhiga aʼzo mamlakatlar parlamentlari rahbarlari birinchi uchrashuvining tinchlik va muloqotni mustahkamlashda parlament hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan yakuniy hujjati qabul qilindi.