Eronda qamoqda saqlanayotgan Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Nargis Muhammadiy bilan telefon qo‘ng‘iroqlari va uchrashuvlarga qo‘yilgan cheklovlar noma’lum muddatga uzaytirildi. Bu haqda mahkumaning oila a’zolari uning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu taqiq Nargisning BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga maktub yo‘llaganidan keyin qo‘llanilgan.
Qayd etilishicha, ilk bor 2023 yil 29 noyabrdan boshlab Nargisning telefon qo‘ng‘iroqlari va uchrashuvlari qamoqxona ma’murlari tomonidan uning tashqariga xat jo‘natgani uchun to‘xtatilgan.
Joriy yilning 4 fevralidan boshlab unga qo‘yilgan ichki cheklovlar olib tashlanishi rejalashtirilgan, biroq Evin qamoqxonasidagi ayollar bo‘limi mudiri yana qaytadan jazo choralari qo‘llagan.
“Xavfsizlik kuchlarining yangi buyrug‘iga ko‘ra, uning telefon qo‘ng‘iroqlari va uchrashuvlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga yo‘llagan maktubi va gender aparteidiga qarshi ayblov e’lon qilish talabi tufayli to‘xtatildi”, deyiladi manbada.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 6 oktyabr kuni 2023 yilgi tinchlik uchun Nobel mukofotiga eronlik huquq faoli va “Inson huquqlari himoyachilari” tashkiloti vitse-prezidenti Nargis Muhammadiy loyiq ko‘rilgan, o‘sha kunning ertasiga AQSH Prezidenti Jo Bayden Eronni qamoqdagi Nobel sovrindorini ozod qilishga chaqirgandi. Mukofot esa 10 dekabr kuni Norvegiyada Nargisning oila a’zolariga topshirilgan.