Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi kecha 8 fevral kuni Rossiya va Ukraina asirlarni almashtirganini ma’lum qildi. Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy ham buni tasdiqlab, ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga post joyladi.
Unga ko‘ra, «Ukraina 100 nafar rossiyalik harbiyni 100 nafar ukrain vatanparvarlariga almashgan», bu tashabbusning ustida esa BAA turgan.
“Birlashgan Arab Amirliklari rossiyalik harbiy xizmatchilarni asirlikdan qaytarish vaqtida gumanitar yordam ko‘rsatdi”, deyiladi xabarda.
Zelenskiyga ko‘ra, vataniga qaytgan ukrainaliklar Milliy gvardiya va qurolli kuchlar harbiylaridir. Ulardan ko‘pchiligi esa Mariupol mintaqasiga yo‘naltirilgan mudofaa xizmatida jonbozlik ko‘rsatgan.
“Hammasi biznikilar, ular o‘z ona yurtiga qaytdi. Biz har bir o‘g‘lonning ustida ishlayapmiz va biz barcha askarlarimizni uyiga qaytarmaguncha to‘xtamaymiz!” degan 46 yoshli Ukraina rahbari.
Qayd etish kerakki, joriy yilning 4 yanvar kuni 230 nafar ukrainalik va 248 nafar rossiyalik mahbus vataniga qaytgan, 31 yanvar kuni esa yana 207 ukrainalik va 195 rossiyalik harbiy asirlikdan ozod qilingan edi.